Skip to main content

“Formula-1”ning ilk davrlarida tezyurar avtomobillar qanday ko‘rinishda bo‘lgani, poygachilarning halok bo‘lish xavfi nega yuqori bo‘lishi va bu sport turida ayollar ishtirok etish-etmasligi haqida

Omon qolish poygalari, 7auto.uz

Avtosport hatto poyga avtomobilining maksimal tezligi soatiga 50 kilometrga teng bo‘lgan davrlarda ham muxlislarni o‘ziga jalb etgan. Bolidlar soatiga 300 kilometr va undan ham yuqori tezlikka erishayotgan zamonaviy musobaqalar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi!

Agar poygalar, misol uchun, futbol singari ommaviy hodisaga aylanmagan bo‘lsa, bu faqatgina sportning ushbu turida qatnashish katta miqdordagi moliyaviy sarmoyalarni talab etishi bilan bog‘liq. Biroq ishtiyoq shiddati, hissiyotlar, xavf-xatar va tomosha zavqi jihatidan bunday yorqin va emotsional sport turini topish qiyin. Keling, “Formula-1” tarixidagi eng qiziqarli faktlarni eslaymiz.

Omon qolish poygalari, 7auto.uz

 Qani, ketdik!

“Formula”ni yaratish uchun zamin 1920-yillarda paydo bo‘lgan. O‘sha paytdayoq avtopoyga bo‘yicha Yevropa chempionati — Gran-pri muntazam ravishda o‘tkazib turilardi. Soatiga 100 kilometrga teng tezlik o‘sha davrdagi tushunchalarga ko‘ra tovushdan ham tez tuyulardi, shu sababli musobaqalar yuz minglab tomoshabinlarning e’tiborini o‘ziga jalb etardi.

Omon qolish poygalari, 7auto.uz

“Formula-1”ning birinchi tarixiy poygalari shunday ko‘rinishda bo‘lgan. Suratda: Turin Gran-pri poygasi, 1946-yil

Rejalashtirilgan chempionat reglamenti Ikkinchi jahon urushidan oldin ishlab chiqilgan edi, biroq tashkilotchilarning barcha rejalari, tabiiyki, bekor qilingan. Faqatgina 1946-yilda yangi tashkil etilgan Xalqaro avtomobil federatsiyasi “Formula” qoidalarini e’lon qildi va birinchi poyga Angliyada, “Silverstoun” avtodromida o‘tkazildi.

O‘tgan asrning o‘rtalaridagi poyga avtomobillari zamonaviy mashinalardan deyarli to‘liq farq qilardi. Yangiliklar asta-sekinlik bilan paydo bo‘la boshladi. Masalan, 1959-yilda “Kuper” jamoasi muhandislari motorni orqa qismga joylashtirish g‘oyasini joriy etishdi. Ularning bolidi juda yaxshi boshqarilgan va umumiy hisobda ikki marta g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasini egallagan.

Ko‘p o‘tmay, barcha poyga mashinalarining dvigateli orqa tomonga ko‘chirildi. So‘ngra muhandislar aviatsiyadan ilhom olib, 1960-yillarning boshida “Lotus” jamoasi ilk bor “monokok” deb ataladigan, ya’ni yagona qobiq bo‘lib, o‘zi yuk ko‘taruvchi element vazifasini bajaradigan korpusli bolidni namoyish etdi. Darvoqe, ayni shu paytda birinchi xavfsizlik yoylari paydo bo‘ldi, ular mashina ag‘darilib ketganda haydovchining omon qolish imkoniyatini oshirardi.

Passiv xavfsizlik elementlari yetarli emas edi. Ehtimol, o‘sha davrdagi bolidlarni boshqarish hatto eng tajribali hozirgi zamon poygachilari uchun ham qo‘rqinchli bo‘lgan bo‘lardi. Bunga saqlanib qolgan kinoxronikalar ham guvohlik beradi: xavfsizlik kamarlari bo‘lmagan, rulni juda mahkam ushlashga, hatto unga yopishib olishga to‘g‘ri kelgan. Shlem keyinroq paydo bo‘lgan, dastlab esa uning o‘rniga shunchaki boshni o‘rab turadigan bosh kiyimi va ko‘zni shamoldan himoya qilish uchun ko‘zoynak qo‘llangan.

Omon qolish poygalari, 7auto.uz

1958-yilda “Formula-1”da ikkinchi unvon joriy etildi: nafaqat haydovchi, balki eng tezkor bolid yaratgan jamoa ham mukofotlanardi. Keyinchalik bu faxrli mukofot Konstruktorlar kubogi deb atala boshlandi. Aynan shu paytdan boshlab haqiqiy tezliklar musobaqasi avj oldi.

Mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib

1960–1970-yillar “Formula-1”da o‘ziga xos davr bo‘ldi. Bir tomondan, hatto eng ashaddiy raqiblar ham ko‘pincha yaqin do‘stlarga aylanishardi: poygachilar, mexaniklar, ularning rafiqalari va sevgan insonlari bo‘sh vaqtlarini birga o‘tkazishar, dam olishga borishar, guruh bo‘lib sayohat qilishar va o‘z saflarida o‘rtoqlik ruhini har tomonlama rivojlantirishardi. Boshqa tomondan esa poyga mashinalarining takomillashuvi xavfsizlik standartlaridan ancha ilgarilab ketgandi, shu sababli trassada tez-tez fojiali hodisalar yuz berardi.

1960-yillarning oxirida reglament yana bir bor o‘zgardi: dvigatelning quvvati va hajmini deyarli ikki baravar oshirishga ruxsat berildi, shu bilan birga, trassalar va musobaqalarning tibbiy ta’minoti o‘zgarmadi. Taxminan bir vaqtning o‘zida avtomobillarda stikerlar va reklama yozuvlari paydo bo‘ldi va homiylardan tushadigan mablag‘lar avtomobillarni yanada tezroq ishlab chiqarishga imkon berdi.

1967-yilda Monako Gran-pri poygasida italiyalik poygachi Lorenzo Bandini halok bo‘ldi. 1968-yilda shotlandiyalik Jim Klark, 1970-yilda yangi zelandiyalik Bryus Maklaren, britaniyalik Pirs Karij va avstriyalik poygachi Yoxen Rindt, 1973-yilda fransiyalik Fransua Sever va britaniyalik Rojer Uilyamson tezlikning qurboniga aylanishdi. 1970-yillarning oxiriga kelib, trassalarda halok bo‘lgan “Formula” pilotlari soni 40 kishidan oshdi. Ularning ko‘pchiligi o‘ttizga ham kirmagan edi.

Omon qolish poygalari, 7auto.uz

Shu bilan birga, tomoshabinlarga poygachi “avariyaga uchradi” degan quruq ma’lumot berilardi. Odatda, bu so‘zlar ortida dahshatli manzara yashiringan bo‘lardi: parchalanib ketayotgan bolid, har tomonga sochilib ketayotgan g‘ildiraklar va olov ustuni — unda omon qolish deyarli ilojsiz bo‘lgan. O‘shanda ko‘pchilik xavf haqida gapirgan, biroq tashkilotchilar: “Agar buni xavfli deb hisoblasangiz, shunchaki bunchalik tez haydamang”, deb javob berishardi. Tabiiyki, poygachilar uchun bunday dalil kamida g‘alati tuyular edi. Masalan, “Ferrari” jamoasi o‘sha yillarda oltita faxriy unvonni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, oltita poygachisidan ayrilgan.

1970-yillarning ikkinchi yarmi ko‘pchilik xotirasida britaniyalik Jeyms Xant va avstriyalik Niki Lauda o‘rtasidagi raqobat bilan qoldi. 2015-yilda ushbu raqobat haqida “Poyga” filmi suratga olindi. Lauda “Formula”ning eng pragmatik poygachilaridan biri hisoblanadi, ba’zilar uni hatto kompyuter bilan qiyoslashgan. 1976-yilgi mavsum o‘rtalarida u jiddiy avariyaga uchradi va og‘ir kuyishlar oldi. Shifokorlar poygachi tirik qolmaydi deb o‘ylashgan bo‘lsa-da, Niki nafaqat yashab qoldi, balki atigi ikki bosqichni o‘tkazib yuborib, yana poygada ishtirok etishga qaytdi.

1980–1990-yillarda konstruktorlar poygalardagi mashinalarning tezligi va quvvatini oshirish ustida ishlashni davom ettirdilar. Masalan, antiqanotlar — aerodinamika tufayli mashinani yo‘lga mahkam bosib turadigan maxsus moslamalar paydo bo‘ldi, bu esa katta tezlanishlarni sirpanmasdan o‘tkazishga imkon berdi. Keyinchalik aerodinamika yordamida mashinani yanada ishonchli boshqarish imkonini beruvchi “yer effekti” deb ataladigan usul ixtiro qilindi. Vaqt o‘tishi bilan xavfsizlik nuqtayi nazaridan ba’zi yangiliklar taqiqlandi.

Shu bilan birga, 1980–1990-yillar “Formula-1”ning oltin davriga aylandi. Birinchidan, chempionatda eng kuchli jamoalar guruhi paydo bo‘ldi: “Ferrari”, “McLaren”, “Williams”, “Lotus”, “Benetton”. Ikkinchidan, poygachilar osmonida tarixga abadiy muhrlangan yorqin avtosport yulduzlari, xususan, Ayrton Senna va Alain Prost porladi, ularning raqobati ham afsonaviy tus oldi. Bu raqobat 1994-yilgacha davom etdi, Prost “Formula”dan ketdi va Senna San-Marino Gran-pri poygasida halok bo‘ldi.

Ayrton Sennaning haydash uslubi juda xavfli edi va har qanday ob-havoda ham mashinani mohirlik bilan boshqarardi. Shu sababli u “Yomg‘ir odami” laqabini olgan. Shu bilan birga, poygachi trassada xavfsizlik standartlarini faol ravishda targ‘ib qilardi. Ammo faqatgina uning halok bo‘lganidan so‘ng, dahshatli halokatni jonli efirda yuz minglab odamlar ko‘rgandan keyin “Formula-1” xavfsizlik standartlari butunlay o‘zgardi va ilmiy darajada rivojlana boshladi. Natijada kokpit (haydovchi kabinasi)da qo‘shimcha himoya boshsuyanchig‘i paydo bo‘ldi, barcha avtomobillarga g‘ildiraklar uchun saqlovchi troslar o‘rnatila boshladi, uglerod tolali korpuslar mustahkamroq qilindi va trassalardagi metall to‘siqlar o‘rniga shinalardan yasalgan to‘siqlar paydo bo‘ldi.

Omon qolish poygalari, 7auto.uz

«Formula-1» afsonaviy to‘qnashuvi — Alen Prost (chap tomonda) va Ayrton Senna (o‘ng tomonda)

Yangi burilish

Zamonaviy poyga avtomobili korpusdan tashqarida joylashgan g‘ildiraklarga ega ugleplastik monokok hisoblanadi. Avtomobilning og‘irligi haydovchi bilan birga kamida yetti yuz kilogrammni tashkil etadi. Pilot o‘zi murakkab asboblar paneli, sport ruli va pedallari mavjud bo‘lgan tor kabinada o‘tiradi. Blokirovkaga qarshi tizim (ABS) va tormoz kuchaytirgichi taqiqlangan. Dvigatel hajmi va silindrlar soni har yili deyarli yangilanadigan texnik reglamentga muvofiq keladi, biroq “Formula” — bu motorlar poygasi ham, eng tezkor avtopoyga seriyasi ham emas.

Poyga davomida nafaqat haydovchi, balki butun jamoa ham ball to‘playdi: axir kurash faqat jahon chempioni unvoni uchun emas, balki Konstruktorlar kubogi uchun ham olib boriladi. Bundan tashqari, norasmiy mukofot va unvonlar ham mavjud: “Eng yaxshi trassa”, “Eng yaxshi poygachi”, “Eng yaxshi yangi ishtirokchi”, “Poygachilar tanlovi”.

“Formula-1” poygasi tarixan boshqa sport turlaridan farqli ravishda erkaklar hukmronlik qiladigan soha bo‘lib shakllangan. Poyga tarixida bor-yo‘g‘i beshta ayol ishtirok etgan va ulardan faqat bittasi — Leyla Lombardi, ball to‘plashga erishgan: bu 1975-yilda Ispaniya Gran-pri poygasida sodir bo‘lgan. Finishda Lombardi oltinchi o‘rinni egallagan.

Omon qolish poygalari, 7auto.uz

Leyla Lombardi — “Formula-1”dagi kamsonli ayol haydovchilardan biri

Qiziq tomoni shundaki, “Formula-1” jamoalari hozirgacha xuddi ot poygalaridagi kabi “otxona” yoki “skuderiya” (italyancha “scuderia” — otxona) deb ataladi. Ot poygalaridan chempionatga ba’zi boshqa atamalar ham o‘tgan: masalan, mavsumning barcha bosqichlarini kuzatib boruvchi va kelishmovchiliklar yuzaga kelganda qaror qabul qilishga ko‘maklashuvchi shaxs “styuard” deb ataladi.

Bugungi kunda xavfsizlik yoylari bilan bir qatorda 14 soniya davomida ochiq olovga chidaydigan maxsus kombinezonlar, shuningdek, yonmaydigan materiallardan tayyorlangan qo‘lqoplar poygachilarni himoya qiladi. Albatta, har bir haydovchida shlem mavjud va avtomobilning konstruksiyasi bir necha soniya ichida kabinadan chiqib ketish imkonini beradi. Biroq buning uchun xavfsizlik kamarini yechib, rulni olib tashlash kerak bo‘ladi.

Omon qolish poygalari, 7auto.uz

So‘nggi yillarda “Formula-1” qoidalari tez-tez o‘zgarmoqda; ayniqsa, dvigatellar uchun talablar tobora qat’iylashib bormoqda. Buning barchasi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tezlikni pasaytirish va poyga davomida quvib o‘tishlar sonini ko‘paytirish uchun amalga oshirilmoqda. Zero, bu ancha qiziqarli va qizg‘in tomoshani ta’minlaydi.