Leapmotor C11 va BYD Song Plus bir-biridan qaysi jihatlari bilan ustunligini ko‘rib chiqamiz
O‘zbekistonga elektromillar yopirilishi kuzatilmoqda. Bozorda tez-tez yangi rusumlar paydo bo‘lmoqda – hozircha asosan Xitoy mamlakatidan. Poytaxtimiz yo‘llaridagi har uchinchi elektromobil BYD logotipiga ega, va ularning asosiy qismi bu Song Plus krossoveridir. Biroq, yaqinda ushbu ommalashgan modelning raqobatchisi — Leapmotor C11 paydo bo‘ldi, va u ham Xitoydan. Biz o‘zimizning va xorij avtoblogerlarining ushbu mashinalar bo‘yicha tavsiflarini o‘rganib chiqdik va ulardan eng qiziqarlilarini jamladik.
Build Your Dreams rusumi allaqachon barchaga ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, shu jumladan bizning jurnalimiz sahifalaridagi nashrlar tufayli, Leapmotor haqida hali hamma ham ma’lumotga ega emas. Kompaniyaning o‘zi 2015-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida tashkil etilgan va sun’iy idrok yordamida boshqariladigan haydovchisiz avtomobil ishlab chiqish bilan shug‘ullangan. Hozirgi C11 modeli kompaniyaning ishlab chiqarish liniyasida uchinchi hisoblanadi. Uning ishlab chiqarilishi 2021-yilda boshlangan.
KIM KUCHLIROQ?
Birinchi galda dvigatelni ko‘rib chiqamiz. Bu tomonlama Leapmotor raqobatchisidan afzalroq. S11 da agregat quvvati 360 N.m. aylanish davriga ega 200 kVtdan iborat. Song Plus da esa – 280 N.m. aylanish davri bilan 135 kVt. Song Plus 8,5 soniyada yuz kilometr tezlikka chiqa oladi, C11 esa 4,5 soniyada. Shu bilan birga, ikkala rusumning ham eng yuqori tezligi – 170 km/soat. Shahar sharoitida bu ko‘rsatkich qanchalik muhim ekanligini o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, biroq fakt faktligicha qoladi, ya’ni S11 abjirroq.
Endi elektromobillar uchun yana bir ahamiyatli jihatiga – akkumulyatoriga nazar solamiz. Leapmotor iste’molchiga 610 km quvvat zaxirasi bilan 90 kVt quvvatga ega akkumulyatorni taklif qiladi, BYD krossoveri esa 505 km quvvat zaxirasi bilan 72 kVt. Shu bilan birga, Song Plus’da jihozlangan Blade Battery dunyodagi eng xavfsizlardan biri hisoblanadi: shikastlangan yoki teshilgan bo‘lsa, u yonib ketmaydi. Biroq, shunga qaramay, Leapmotor yana dvigatel uchun ball oladi.
KIM KATTAROQ?
Song Plus o‘lchamlari — 4705 x 1890 x 1680 sm. Leapmotor S11 niki esa — 4750 x 1905 x 1650. Shu bilan birga, BYD krossoveri bir oz yuqoriroq 195 klirensga ega — C11 dagi 185 ga nisbatan. Ushbu ko’rsatkichda 19 dyuymli Song Plus qotishma g‘ildiraklari kam rol o‘ynamaydi. Raqobatchisida ham shunday, ammo bir dyuym kichikroq. Leapmotor biroz og‘irroq — 2445 kg, Song Plus — 2325 kg.
Yana bir muhim ko‘rsatkich, ayniqsa, katta oilalar va piknikni sevuvchilar uchun – bu yukxonaning hajmi. Bu yerda BYD ijod mahsuli 574–1477 litr hajm bilan ballga ega bo‘ladi. Leapmotor C11 yukxonasi ham ancha katta va 427 dan 892 litrgacha sig‘imga ega mumkin, bundan tashqari kapot ostida kichik yukxona bo‘limi mavjud bo‘lib, bu Song’da yo‘q. Qanday bo‘lmasin, o‘lcham toifasida biz BYD krossoveriga ball beramiz.
TASHQI VA ICHKI KO‘RINISH
Bizning holatimizda ikki krossoverning tashqi ko‘rinishini solishtirish biroz noto‘g‘riroq bo‘ladi. Ikkala rusum ham o‘ziga xos, futuristik dizaynga ega va o‘zgacha ko‘rinadi. Axir har kimning o‘z didi bor. Biroq, Leapmotor C11 kuzovi to‘liq ruhlanganligini aytib o‘tishimiz kerak, BYD Song Plus’da esa qisman. Bundan tashqari, ikkinchisi statik eshik tutqichlariga, Leapmotor esa surilma tutqichlarga ega.
Intererga o‘tamiz. Ikkala sedan ham besh o‘rinli, keng. Eng kuchli butlamalarida ikkala rusum ham elektr uzatmali panoramali tomga ega. Ikkala mashinaning ham saloni charm va plastikdan ishlangan, barchasi tartib bilan sifatli tikilib, ulangan.
O‘z navbatida S11 da ko‘p rangli yoritgich mavjud, Song Plus esa old panelida avtomobilga futuristik ko‘rinish berib turuvchi yorqin illyuminatsiyaga ega. Yo‘lovchi o‘rindiqlari ikkala avtomobilda ham qulay, ventilyatsiya va isitish tizimi bilan jihozlangan.
Haydovchi o‘rindig‘iga e’tiborimizni qaratamiz. Leapmotor’da ham, Song Plus’da ham u juda qulay, to‘liq boshqaruv to‘plamiga va sozlamalarni eslab qolish funksiyasiga ega. Ha aytganday, yon oynalarda ham xotira funksiyasi bor. Ikkala mashinada ham rul ko‘p funksiyali, charm tortilgan va barcha yo‘nalishlarda sozlanadi.
Avtomobillarni tubdan ajratib turuvchi yagona farqi – bu uzatmalar qutisi. “Song”da u aksariyat avtomobillardagidek odatiy joyda, ya’ni oldingi o‘rindiqlar o‘rtasida joylashgan. Leapmotor’ga kelsak, selektor rul chambaragi orqasida.
Mazkur toifa bo‘yicha ikkala mashinada umumiy jihatlari ko‘pgina, biroq ruhlanganligini inobatga olgan holda ballni S11 ga beramiz.
TEXNOLOGIYALAR BO‘YICHA QANDAY?
Song Plus ham, S11 ham eng so‘nggi texnikalar bilan jihozlangan. Unda siz animatsiyali nur qaytaruvchi zamonaviy faralar, shuningdek, dinamik burilish uzatmalari, avtomobilni kalitsiz o‘t oldirish imkoniyati, moslashuvchan iqlim nazorati va yana ko‘pgina boshqa narsalarni ko‘rishingiz mumkin. Ammo Leapmotor krossoveri, raqobatchisidan farqli o‘laroq, uchinchi bosqich avtopilotiga ega. Bu shuni anglatadiki, haydovchi rulni tutmasa ham bo‘ladi, biroq holatni kuzatib turishi va favqulodda vaziyatlarni oldini olishi talab etiladi. Bu texnologiya, albatta, trassa uchun mo‘ljallangan.
Har qanday zamonaviy elektromobilning “yuragi” bo‘lmish multimediya paneliga o‘tamiz. Agar Song Plus’da ikkita displey – asboblar uskunasi va multimediya ekrani bo‘lsa, S11 da – uchta. Qo‘shimcha displey oldinda o‘tiruvchi yo‘lovchi qarshisiga o‘rnatilgan. Uchinchi displey alohida garnituraga ulanadi, va yo‘lovchi haydovchini chalg‘itmagan holda YouTube yoki Netflix tomosha qilishi mumkin. Biroq, shunga qaramay, afzallik BYD krossoveri tomonga o‘tadi.
Gap shundaki, Leapmotor faqat Xitoy tilini qo‘llab-quvvatlovchi o‘zining boshqaruv tizimiga ega. Ya’ni, interfeysni o‘rganib olish uchun lug‘atdan foydalanishga to‘g‘ri keladi, bundan tashqari, siz unga “Yandeks.Navigator”ni o‘rnata olmaysiz. Song’da esa barchasi oddiy va qulay – tillarni qo‘llab-quvvatlovchi Android’ga ega. Bluetooth, USB, simsiz quvvatlash kabi moslamalar ikkala mashinada ham bor.
Uchinchi bosqich avtopilotining mavjudligi xursand qiladi, albatta, ayniqsa, o‘rta narx segmentidagi avtomobillarda “tarjimadagi qiyinchiliklar” tarozi pallasi BYD foydasiga ishlaydi.
BESH YULDUZ
NCAP (Avtomobilni baholash bo‘yicha Evropa dasturi) ikkala krossoverga ham besh yulduz qo‘ygan. Bu hayratlanarli emas, chunki unisi ham, bunisi ham barcha kerakli opsiyalar bilan jihozlangan. Xavfsizlik yostiqchalari, turli yordam va nazorat tizimlari ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etiladi. Old va orqa parktroniklar, 360 daraja tasvirli kamera, shinalar bosimini nazorat qilio‘ imkoniyati, ABS, EBD, ESP, TCS va yana ko‘pgina xususiyatlarga ega. Demak, bizda tenglik. Ikkala brendga ham bir balldan beramiz.
YO‘LLARDA
Mukammal butlanishlardagi ikki raqobatchi ham – to‘liq tortuvchi uzatmali. Unisi ham, bunisi ham oldida “Makferson”, orqada esa mustaqil ko‘p richagli ilgakka ega. Barcha tormozlar – diskli, havo aylantiruvchi. Ravon yo‘llarda mashinalar yetarlicha yumshoq harakatlanadi, notekisliklar sezilsa-da, boshqaruvdan zavqlanishga xalaqit bermaydi. C11 ham, Song Plus ham ishonchli, tez va muammosiz tormozlanadi – bu yerda hech qanday shikoyat yo‘q. “Shovqin izolatsiyasi” bo‘yicha bizda yana durang, ammo ichki yonuv dvigatellari bo‘lmagan avtomobillar shundoq ham sassiz.
Shunday qilib, Leapmotor C11 bizning ko‘rib chiqishimizda 5:4 kichik farq bilan g‘alaba qozondi. Ushbu mashinani haqiqatan ham narxiga arzigulik juda yaxshi variant deb atash mumkin. Yuqori sifatli yig‘im va materiallar, zamonaviy dizayn, qulaylik va texnologiya – zamon talabi bo‘lgan barcha xususiyatlarni o‘z ichiga oladi. Yana bir bor eslatib o‘tamizki, bu yerda uchinchi bosqich avtopiloti mavjud bo‘lib, hatto Tesla’da ham bu ikkinchi bosqichli. Kelajak uchun ajoyib mashina, chunki biz aynan unda boshqaruv tizim o‘zbekcha bo‘lmasa-da, hech bo‘lmaganda rus tilini qo‘llab-quvvatlashini kutib qolamiz.
Maqola Muvvo Auto, Elektromobil Bozori, Electro-car.by YouTube-kanallari, hamda avtobloger Pavel Blyudenovning shu nomli kanalidagi video-tavsiflaridan foydalanib, to‘plangan.