Skip to main content

Masl-karlar davrini boshlab bergan va “Kelajakka qaytib” filmidagi hammamiz bilan avtomobilni o‘ylab topgan Jon Deloreanning hikoyasi

Genri Ford butun dunyoni g‘ildiraklar ustiga qo‘ygan, ammo nafaqat biznesda, balki o‘z o‘g‘liga nisbatan munosabatda ham qattiqqo‘l odam sifatida nom qozongan. Enso Ferrari rafiqasiga hiyonat qilgan. Anri Sitroyen qimor o‘ynilarida ishtirok etishdan o‘zini tiya olmagan. Lui Reno ochiqchasiga natsistlar bilan hamkorlik qilgan. O‘ta ijobiy, shuningdek har tomonlama salbiy personajlar faqat ertaklarda bo‘lishi mumkin. Zero olam faqat oq-qora rangda bo‘la olmaydi. Unda yashovchi qahramonlarning xarakteri ham ancha murakkabdir. 

Buyuk, ammo o‘zgaruvchan xarakterli shaxslar ro‘yxatida Jon Delorean faxrli o‘rinni egallaydi. Xabaringiz bo‘lsinkim, “Kelajakka qaytib” filmidagi Braunning mashhur avtomobili “Delorean Motor Kompani” asoschisi sharafiga nomlangan. Biroq, Jon Gollivud tomondan ko‘kka ko‘tarilgan “vaqt mashinasi”gacha boylik va mashhurlikka erishib bo‘lgan.

Eng quyidan

Jon Zaxariya Delorean Amerikaning avtomobillar poytaxti – Detroyt shahrida dunyoga kelgan. Jonning otasi, shaharning aksariyat aholisi singari, avtosanoatda ishlagan, ammo Ford zavodining konveyer qurilmasidan uzoqqa ketmagan. Unga tilni yaxshi bilmasligi, jizzakiligi va ichkilikka moyilligi halaqit qilgan. Shaxsiy omadsizliklari alamini oila a’zolaridan olgan.

Onasi odatda bunga e’tiborsiz qaragan, ammo eri o‘zidan ketgan paytlarda o‘g‘illarini olib (Jon to‘rt o‘g‘ilning kattasi bo‘lgan), Los-Anjelesdagi opasinikiga jo‘nagan. Quyoshli Kaliforniya Jonga bolaligidan sovuq Detroytga qaraganda ko‘proq yoqardi. Istiqbolda Detroytni issiqroq biron joyga almashtirish variantlari ko‘p emasdi, aniqrog‘i bitta edi – o‘qish. Va Delorean a’lochiga aylangan. U shunchaki qunt bilan emas, balki butun borlig‘i bilan o‘qigan.

O‘qish, o‘qish va o‘qish

Detroytdagi eng oddiy umumta’lim maktabi bitiruvchisi benuqson o‘zlashtirishi sababli nufuzli Lyuis Kess texnik kollejiga o‘qishga qabul qilingan. Kollejda ham Jon xuddi Lorens texnika institutida bo‘lgani kabi eng yaxshi talabalardan biri bo‘lgan. So‘ngra Kraysler muxandislik instituti hamda Michigan universiteti huzuridagi kechki biznes-maktabda o‘qigan. 

Biroq, Jon hech qachon “botanik” bo‘lmagan. Hattoki tashqi ko‘rinishidan ham. Delorean erta uylangan (ma’lum bo‘lishicha, oxirgi marta emas) va tezda yaxshi ish topgan. A’lo baholar bilan to‘lgan diplomlar va o‘zlashtirish tabellari bilan bu qiyin kechmagan. 

Lekin, unda ham kamchiliklar bo‘lgan. Ulardan biri sifatida Jon odamlar bilan muloqotga kirisha olmaslikni e’tirof etgan. Bunday narsa kollejda o‘qitilmaydi, shu bois Delorean sug‘urta agenti bo‘lib ishga joylashgan. O‘zidan uyatchanlik va sarosimani tomchilab siqib chiqargan holda, Delorean aslzodalarga hayotni sug‘urtalash polislarini taklif qilgan. Bir yilga yetmay Delorean deyarli bir million dollarlik sug‘urtalarni sotishni uddalagan.

Odamlarni ishontirish iste’dodiga ega sug‘urta agenti – kam-ko‘stsiz kelajakning tayyor retsepti sifatida qayd etilishi mumkin. Ammo sug‘urta biznesida ishlash – biram zerikarliki. Jon bolaligidan yaxshi ko‘rgan avtomobillar ancha qiziqroq edi…

OQIMGA QARSHI, 7auto.uz

Jon Delorianning otasi ishlagan Detroytdagi “Ford” zavodi. 1930-yillar

Tog‘ hukmdori

Dastlab Delorean “Kraysler” muxandislik jamoasiga tushgan, ammo bir yil o‘tmay  “Pakkard” ofisidan joy olgan. U haddan tashqari oqilona fikr yuritardi. Kichik kompaniyada o‘zingni ko‘rsatish ancha osonroq. Ha, bir zamonlar qudratli bo‘lgan “Pakkard” 1950-yillarda ishonch bilan jarlikka qulayotgan edi, ammo yosh va ishbilarmon Delorean cho‘kayotgan kema bortidagi deyarli eng mashhur shaxsga aylangan.

U yangi “avtomat” ishlanmasida ishtirok etishga ulgurib, Porsche muxandislari tomonidan Studebaker Packard Corporation uchun tayyorlangan prototipni butkul tanqid qilgan, asosiysi esa – aqlli, ishbilarmon, murakkab va muhim qarorlarni qabul qila oladigan mutaxassis nomiga erishgan. Detroytda bu sifatlar qadrlanardi.

OQIMGA QARSHI, 7auto.uz

Xullas, “Pakkard” butkul vayron bo‘lganida, Jon buyumlarini yangi ofisga ko‘chirish bilan band edi. General Motors vitse-prezidenti Oliver Kelli shaxsan Deloreanga o‘zi tanlagan joyni taklif qilgan. Dunyodagi eng yirik avtomobil korporatsiyasining olti bo‘linmasidan yosh daho “Pontiak”ni tanlagan – va yana bejizga emas. 1950-yillar oxirida Pontiac modeli GM qatoridagi eng zaif brend hisoblanardi. Biroq, Jon hammasini boshdan oyoqqa turgazgan. 

Masl-karlar nomi bilan mashhur davrni ochib bergan Pontiac GTO yaratilishi aynan Deloreanga borib taqaladi. Omadga erishish retsepti barcha dohiyona narsalar kabi oddiy edi. “Bonnevil” to‘lahajmli modelidan qudratli 6,4 litrli V8 o‘rta hajmdagi “Tempest” shassisiga o‘rnatilgan. Natijada, haqiqiy poyga mashinasi yuzaga kelgan.

Ichki korporativ siyosat muxandislarga kichik qator modellarida “full-sayz” motorlarini o‘rnatishni taqiqlardi. Ammo Jon taqiqni aylanib o‘tgan. Yangi mashina alohida model sifatida taqdim etilmagan, buning o‘rniga zavodning “Tempest” qo‘shimcha qurilmalari ro‘yxatiga GTO opsiyasi qo‘shilgan. Atigi 295 dollar – va kamtarona avtomobil haqiqiy g‘ildirakli shaytonga aylangan.

Pontiac birinchi yilning o‘zida 30 mingdan ortiq GTOni sotishga erishgan, uning yaratuvchisi esa Detroytning bosh yulduziga aylangan.

OQIMGA QARSHI, 7auto.uz

Oqimga qarshi

GTO muvaffaqiyati Deloreanning “Pontiak”dagi yagona g‘alabasi bo‘lmagan. Aqlli, sinchkov, topag‘on va qo‘rqmas Delorean boshqa menejerlardan farqli o‘laroq, avtomobillarni samimiy yaxshi ko‘rardi. Aksariyat hamkasblaridan o‘zib ketganini tushungan Jon o‘zining nufuzli holatidan huzurlana boshlagan. Tez orada qoidalar bo‘yicha o‘ynaydigan odobli boladan asar ham qolmaydi. U sochlarini o‘stirib, zerikarli ofis kiyimidan voz kechib, mushaklarga urg‘u beradigan tor ko‘ylaklarni afzal ko‘rgan. 

Yangi zafarlar yangi lavozimlar bilan yonma-yon borardi. Endi u oddiy bosh muxandis emas, balki butun Pontiac prezidentiga aylangan. So‘ngra unga Chevrolet bosh brendini boshqarish ishonib topshirilgan. Va u yana ishonchni oqlaydi. Aynan Delorean davrida Chevrolet tarixda birinchi marta bir yilda sotilgan uch million avtomobil ko‘rsatkichidan o‘tadi.

Uning yangi lavozimi – GM vitse-prezidenti Amerika avtomobil sanoatining bosh kursisi muqarrar zabt etilishiga vaqtincha ko‘prikcha bo‘lib ko‘rinardi. Lekin, u kompaniya prezidenti nomiga erisha olmagan. Ma’lum vaqt o‘tgach avtomobil korporatsiyasi bilan yo‘llar ayro tushdi va u juda katta miqdorda ishdan bo‘shash pulini olib, boshqa hech narsa qilmasdan yashashi mumkin edi. Ammo Delorean bunday qilolmasdi.

OQIMGA QARSHI, 7auto.uz

Pontiac GTO – aynan Jon Delorean tomonidan ochilgan masl-karlar davrini boshlagan avtomobil

Odobli sportkar

Ishbilarmon va faol Delorean shunchaki zerikishdan tashqari, avtoolamga yana ko‘p narsalar bera olishini his qilardi. Tez orada unda “Korvet”dan qimmatroq, ammo Porsche 911’ga nisbatan arzonroq turadigan sport avtomobili g‘oyasi paydo bo‘ldi. Mashina nafaqat chiroyli va tezkor, balki xavfsiz, qulay va imkon qadar “ekologik ma’suliyatli” bo‘lishi kerak jdi. Delorean mukammal yoki, o‘zining talqiniga ko‘ra “odobli sportkar” yaratishni rejalashtirdi.

1975-yilda paydo bo‘lgan birinch prototip (Jujarodan ajoyib dizayn bilan) bir zumda butun dunyo matbuoti olqishlari ostida mumtoz modelga aylandi.

Yo‘q, albatta hammasi bu qadar oson kechmagan. Dastlab Delorean mashinani amalda hosil bo‘lganga nisbatan yanada ilg‘or va texnologik tasavvur qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, dunyodagi eng yirik avtokorporatsiyaning vitse-prezidenti kursisida o‘tirgan holda avtomobillar yaratish hamda o‘z orkestrini boshqarish orasida juda katta farq bor edi.

Shunga qaramay, belgilangan jadvaldan ortda qolgan bo‘lsada, 1981-yil 21-fevralda Shimoliy Irlandiyadagi Danmarri konveyeridan Delorean DMC-12 birinchi nusxalari chiqib kelgan.

OQIMGA QARSHI, 7auto.uz

Jon yana g‘alaba qozogandek ko‘rinishi mumkin. Aslida bu intihoning ibtidosi edi. Parda ortiga nazarda tashlagan zahoti DeLorean Motor Company muammolari shiddat bilan o‘sib borayotganini darhol sezish mumkin edi. Muhbirlar odobli sportkarning sust dinamikasi (atigi 130 ot kuchi) hamda baland narxidan (25 ming dollar – va’da qilinganidan ikki baravar ortiq) shikoyat qilardilar. Barcha shtatlar bo‘ylab 350 shourumdagi dilerlar hamon kechikayotgan yetkazib berishlarni sabrsizlik bilan kutardilar. Mashinalar nihoyat yetib kelganida esa, irlandcha yig‘ish u qadar sifatli emasligi ma’lum bo‘ldi. 

Yangi modelni ishlab chiqish va yo‘lga qo‘yish – doim juda murakkab va juda qimmat. DMC-12 muammolari yechib bo‘lmasdek ko‘rinmasdi va ko‘proq o‘sish qiyinchiliklari sifatida qabul qilinardi. Shunchaki yig‘ish sifatini yaxshilash, yanada kuchli turbomotorni qo‘shish va ilgakni qayta sozlashning o‘zi kifoya.

Ammo yomon holat boshqa tomonda kutardi: ishlab chiqarish boshlanganidan buyon kechikishlar, ishlab chiqarishga xarajatlarning nazorat ostidan chiqib ketishi, kafolat to‘lovlari va Jonning hech narsada o‘zini kamsitmaslik odati (faqatgina uning oylik maoshi yarim million dollarga teng edi!). Bularning barchasi DeLorean Motor Company moliyaviy ahvoliga putur yetkazdi.

OQIMGA QARSHI, 7auto.uz

1982-yil fevraliga kelib, odobli sportkar qatori ishlab chiqarilganidan atigi bir yil o‘tib, kompaniyaning seyflari bo‘shab qoldi. DMC yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob qila olmasdi, xodimlarga oylik to‘lash, kreditlar bo‘yicha foizlarni so‘ndirish uchun pul qolmagan edi. Oy oxiriga borib DeLorean Motor Company moliyaviy qobiliyatsiz deb tan olindi va vaqtincha boshqaruvichlar tayinlandi.

O‘yinga qaytish imkoni hamon bor edi. Avvaliga 1982-yil 20-oktyabrgacha 20 million dollar kiritish talab etilardi. Biroq, oxirgi to‘lov muddati arafasida Jon Delorean narkotik savdogarlari bilan aloqasi uchun qamoqqa olingan. Sudda ish FBR xodimlari tomonidan yasalganligi aniqlangan. Hakamlar hay’ati Jonni aybsiz deb topdi. Biroq endi kech bo‘lgandi. Qachonlardir omad ichida cho‘milgan “pleyboy”ning hayoti ko‘z oldida barbod bo‘lardi. Ajralish, sud da’volari va undirishlar, qarzlar, garovlar va yana da’volar, va yangi qarzlar…

OQIMGA QARSHI, 7auto.uz

“Kelajakka qaytish” filmidan lavha, unda bosh qahramonlar takomillashtirilgan Delorean DMC-12 avtomobilini boshqaradi

Bir zamonlar butun dunyo oyoqlari ostida bo‘lgan odam hayotining so‘nggi kunlarini Nyu-Jersidagi ikki xonali tor kvartirada o‘tkazgan. Deloreanning hayot yo‘li to‘liq aylanani hosil qildi. Bunday ssenariyni hattoki Gollivudda ham o‘ylab topish qiyin.