Avtotransportlar uchun ekologik stikerlar joriy qilinmoqda, mashinalar chayqovchiligi uchun to‘lashga to‘g‘ri keladi, ayollar endi yuk mashinalarini boshqara olishadi – shu va oyning boshqa muhim yangiliklari
Ayollarga avtobus va yuk avtomobillarini boshqarishga ruxsat berildi
Vazirlar Mahkamasining 12-fevraldagi Qarori bilan qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi. Cheklovlarning olib tashlanishi natijasida endi ayollar ham yuk mashinalari va 14 kishidan ortiq yo‘lovchi sig‘imiga ega avtobuslarni boshqarishlari mumkin.
Transport Vazirligining ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar transport sohasida gender tengligini ta’minlashga va ayollarni avtobus va elektrobuslar boshqaruviga jalb qilishga yo‘naltirilgan. Transport Vazirligi zamonaviy avtobuslarning texnik talablari ayollar salomatligiga xavf tug‘dirmasligini alohida qayd etdi.
2023-yildagi eng qimmat avtomobil raqamining narxi qancha edi?
O‘tgan yil ichida mahsulot-xom ashyo birjasida 396,1 milliard so‘mlik 87 mingta avtomobil raqamlari sotilgan.
Birinchi o‘rinni yuridik shaxsga 450 million so‘mga sotilgan qayd raqami egalladi. Uning ketidan yana bir yuridik shaxs tomonidan sotib olingan 439,56 million so‘m qiymatli avto raqam o‘rin egalladi. O‘z navbatida, 2023-yilda jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan eng qimmat raqamlar 399,6 va 378,17 million so‘mni tashkil qildi.
O‘tgan yilning oktabr oyida mazkur ro‘yhatga 777 RRR raqami yetakchilik qilishi mumkin edi, biroq bu raqam DYHXX da xaridor tomonidan rasmiylashtirilmadi.
Poytaxtda avtotransportlar uchun ekologik stikerlarni joriy etish boshlandi
5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent YHXB ning Fayzobod mahallasida joylashgan yangilangan ro‘yhatga olish-imtixon bo‘limiga tashrif buyurdi. Muassasa negizida avtotransport vositalarining texnik holati va uning atrof-muhitga ta’sirini baholash maqsadida zamonaviy ro‘yxatga olish va diagnostika markazi tashkil etildi. Uning ishini tashkil etishda Germaniya, Belgiya, Fransiya tajribasi hisobga olindi.
Markaz xodimlari avtotransport vositalaridan chiqadigan zararli moddalarni tekshiradi. Uning natijalariga ko‘ra, avtomobilning old oynasiga qizil, sariq va yashil – uchta rangdan birida RFID chipli stiker yopishtiriladi.
Poytaxt hududini bir nechta ekologik zonalarga bo‘lish rejalashtirilgan. Avtotransport vositalarining ularga kirishi stiker rangi bilan ko‘rsatilgan ifloslantiruvchi atmosfera chiqindilarining darajasiga qarab tartibga solinadi.
YHXX ekologik hududlarga kirishni avtomat tarzda nazorat qilishni yo‘lga qo‘yadi. Ifloslantirish darajasi yuqori bo‘lgan avtomobillar kirishidan olingan jarimalar Toshkentning ekologik holatini yaxshilashga sarflanadi.
Bundan tashqari, elektromobillar xaridi rag‘batlantiriladi. Gap, jumladan, elektromobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga davlat raqam belgilarini berish uchun yig‘im miqdorini kamaytirish haqida ham bormoqda.
Prezident butun O‘zbekiston bo‘ylab 84 ta muqobil markazlarni jihozlash va barcha 216 ta YHXX hududiy bo‘limlarini zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash rejalari bilan tanishdi.
O‘zbekistonda avtomobil chayqovchilari uchun soliq joriy etish rejalashtirilmoqda
13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan Strategik islohotlar agentligi taqdimotida yil davomida ikkitadan ortiq avtomobil sotgan jismoniy shaxslarni deklaratsiyalash tizimi muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, 2022-yilda 33 mingga yaqin fuqaro uch va undan ortiq avtomobil xarid qilgan. Deklaratsiya tizimi chayqovchilikning oldini olishga va byudjetga qo‘shimcha 30 milliard so‘m tushishiga qaratilgan.
“Gazeta.uz” xabar berishicha, o‘tgan yili moliyachi Otabek Bakirov avtomobillarni qayta sotish bilan shug‘ullanuvchi chayqovchilar daromadiga soliq solishni taklif qilgan edi: “Nega bir yil ichida sotilgan avtomobilga avtomobilning bozor narxining 12 foizi miqdorida daromad solig‘i qo‘llanilishi mumkin emas? Bugungi kunda uy sotib olinganidan keyin uch yil ichida sotilsa, farq soliqqa tortiladi”.
Shuningdek, oʻtgan yil oxirida Oʻzbekistonda yangi avtomobillarni sotish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritilgan edi. Endilikda UzAuto Motors, agar mijoz bilan 12 oy ichida ikkitadan ortiq oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, unga transport vositasini yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma tuzishdan bosh tortishi mumkin.
2023-yilda qancha O‘zbekiston fuqarosi yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan?
2023-yilda O‘zbekistonda 9839 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, bu 2022-yilga (9902) nisbatan 63 taga yoki 0,6 foizga kamdir. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
O‘tgan yili yo‘l-transport hodisalarida jabrlanganlar soni 9606 nafardan 9209 nafarga, halok bo‘lganlar soni esa 2282 nafarga kamaygan. 2023-yilda bolalar ishtirokida 1794 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan, natijada 1568 nafar bola jarohat olib, shundan 263 nafari halok bo‘lgan.
Senat maʼlumotlariga koʻra, bunday statistika yoʻllarda piyodalar xavfsizligini nazorat qilish toʻliq va samarali yoʻlga qoʻyilmagani bilan bogʻliq. 2023-yilda jami 16 milliondan ortiq huquqbuzarliklar, jumladan, 13 milliondan ortiq og‘ir huquqbuzarliklar, 42 mingga yaqini mast holda avtomobil boshqarish bilan bog‘liq, 300 mingdan ortig‘i piyodalar tomonidan sodir etilgan.