Aktrisa, xonanda va bloger Xusnora Shodiyeva avtomobil o‘zi uchun ikkinchi uy kabi ekanligini va haydovchilikni sevishini tan oladi. Xusnora 7AUTO bilan birga hashamatli Fiat 500 Dolcevita avtosida sayr qilib, haydovchilikka doir odatlari haqida so‘zlab berdi.
Birinchi marta rulga 12 yoshimda o‘tirganman, u paytda hali mexanika bo‘lardi. Otam to‘xtash joyining o‘zida menga asta-sekin haydovchilikni o‘rgata boshlaganlar. Bizda juda jiddiy va murrakab mashina – “to‘qqiztalik” Lada bor edi.
Guvohnomani, tabiiyki, 18 yoshimda olganman va ota-onamdan menga mashina olib berishlarini so‘ray boshlaganman. “Matizmi” yoki “Sparkmi” – menga baribir edi. Esimda, o‘shanda ZAZ Forza paydo bo‘lgan. Ammo menga “Turmushga chiqsang, ering olib beradi!” deyishdi. Shunday bo‘ldi ham!
Birinchi mashinam 21 yoshimda paydo bo‘ldi, bu ham mexanikadagi Malibu edi. Mana 12 yildan beri men “rasman” ruldaman.
25 yoshimda Nexia 3 mashinam bo‘lardi, u ko‘p narsalarni boshidan o‘tkazgan. Bir safar meni buldozer haydovchisi ko‘rmay qolgan va men mo‘‘jiza tufayli omon qolganman. Agar yana 6 metr yurishga ulgurganimda, u meni yanchib ketgan bo‘lardi – uchinchi “Neksiya” qanaqa kichkinaligini eslaysizmi.
28 yoshimda esa o‘zim pul to‘plab, Equinox sotib oldim. O‘shanda yorqin mashinada yurish bilan bog‘liq g‘alati orzuim bor edi. Men yo‘lda ajralib turishni istardim va o‘zimga to‘q qizil rangli avtomobilni sotib oldim.
G‘alati odatlari
Men hech qachon butunlay yopiq mashinada yurmayman. Hattoki, ko‘chada juda sovuq bo‘lganda ham, baribir oynam bir oz ochilgan bo‘ladi. Bundan tashqari, oynalarni qoraytirmayman. Qorong‘ilikda yurishni yoqtirmayman – menga yorug‘lik kerak. Shu bois, menga tomida lyuki bor avtomobillar yoqadi: salonda imkon qadar yorug‘ bo‘lishi kerak. Yana men haydovchi bilan yoki rulni umuman boshqa odam boshqarganida yurolmayman. Avtomobilni faqat o‘zim boshqarishim va jarayonni nazorat qilishim zarur.
Yana menda boshqalar – do‘stlarim, ota-onamning avtomobillarida bildirmasdan ketish odati bo‘lgan. Bir safar onamning yangi “Kaptiva”larini “o‘g‘irlab” ketganman. Mashina menga aynan nimagadir kerak bo‘lmagan, shunchaki mahallada sayr qilishga ketganman. Onam chiqsalar, mashina yo‘q! O‘shanda qattiq tashvishlanganlar va meni yaxshigina jazolashgan. Mashinani o‘zini bus-butun qaytarib olib kelganman. Tanishlarimning mashinalarini ham shu tariqa olib qochardim.
Onam menga har doim haydovchilikning oltin qoidasini takrorlashdan charchamasdilar: hech qachon begona rulga o‘tirmaslik kerak! Hattoki, notanish mashinani haydashni taklif qilsalar ham – o‘tirma. Yaxshisi o‘z avtomobilingni kutib tur va unda istagancha sayr qilaver. Chunki yo‘lda nima bo‘lishini hech qachon bilmaysan. Begona avtomobil – xuddi begona uy kabi, sen o‘zingga tegishli bo‘lmagan narsa uchun javobgar bo‘lib qolasan.
Uy, karaoke-bar va psixolog kabineti
Mening haydovchilikka o‘zgacha mehrim tushgan, men mashina haydashni jonimdan ortiq ko‘raman.
Umuman olganda men uchun avtomobil – shunchaki harakatlanish vositasi emas. Unda ishim yoki, hattoki, rejalashtirilmagan suratga olish uchun kerakli hamma narsa bor. Bundan tashqari, men yo‘lda charchamayman – aksincha, dam olaman. Bu men uchun meditatsiyaning bir ko‘rinishi: sevimli musiqamni yoqaman, xirgoyi qilaman – o‘zimga shaxsiy karaoke-barni tashkil qilaman. Bu yerda mening ikkinchi uyim, o‘z klubim va psixolog kabinetim joylashgan: chindan ham hayotimning ko‘p vaqtini mashinada o‘tkazaman.
Abadiy yoz
Fiat 500 Dolcevita avtomobili menga juda yoqadi. Hozir ishim bo‘yicha ko‘p narsani sig‘dira olgani uchun katta mashinada yursamda, mana shunday ixcham go‘zalga egalik qilishni istardim. Birinchidan, nomining o‘zi – Dolcevita. Men haydashni va hammasi chiroyli bo‘lishini yaxshi ko‘raman! Yana bir jihat – hajmi. Tajribali haydovchilar meni tushunadi: unda istalgan joyda to‘xtash va kirish mumkin, hozir bunday qobiliyat shaharda juda qo‘l kelmoqda.
Shuningdek, bu mashina o‘ta yorqin! Men quyoshni yaxshi ko‘rishimni aytgandim va Dolcevita ichida o‘zingni xuddi quyoshli Italiyada yurgandek his qilasan. Birinchidan, avtomobilning ikkita versiyasi bor – yopiq va tomi ochiladigan. Avtomobildagi lyuklar yoki ochiladigan tomlar mutlaqo menbop mavzu: ko‘p yorug‘lik, yoz, qirg‘oq. Bunda, suriladigan tom oq chiziqlar bilan ishlangan va bularning barchasi plyajni eslatib yuboradi…
Salon ichida ham “yoz” mavzusi saqlangan. Versiyalardan birida moslamalar paneli tabiiy yog‘ochdan ishlangan, bu doim iliqlik hissini beradi. Charm qoplama ham yorqin rangda bo‘lib, yengillik bag‘ishlaydi. Bunday salonda faqat dam olish kerak: hammasi qum, yotoq joylari va soyabonlarni, xullas dengizdagi ta’tilni eslatadi.
Va nihoyat, mashina tarixining o‘zi ham ajoyib. Birinchi Fiat 500 modeli 1930-yillarda paydo bo‘lgan va o‘sha vaqtdan buyon konsern modellarni yangilab keladi, ammo dizayn nuqtai nazaridan qattiq o‘zgartirmaydi. Shu sababli, mashina bizni charchatishga ulgurgan hozirgi futuristik mashinalardan ajralib turadi. Unda sen o‘zingni eski italyancha kinodagidek his qilasan, ammo bir vaqtning o‘zida bugungi kunga xos barcha texnologik afzalliklardan foydalanasan.
Zamonaviy butlanish
Aytgandek, menga juda yoqadigan turli funksiyalar haqida gapiradigan bo‘lsam: bu yerda tormozlarning bloklanishga qarshi tizimi va avtomobilning kursda barqarorligi tizimi o‘rnatilgan, shu bois mashinaning hajmi sizni chalg‘itmasin. Xavfsizlik yostiqlari hamma yerda, jumladan yon tomonda (yon tomondan zarb beriladigan holatga) va tizzalar uchun ham bor.
Magnitolaga ega 7 dyuymli sensorli ekranni ruldan boshqarish mumkin. Bu aynan menbop – bir bosishda musiqani yoqish. Yana orqa panelda ikkita qo‘shimcha dinamik ham bor!
Rul balandligi sozlanishi mumkin. Yo‘nalish kompyuteri. Old faralarning egilish burchagini tuzatuvchi moslama. Shinalardagi bosimni monitoring qilish tizimi. Kruiz-nazorati hamda dasturlanadigan harakat tezligini cheklovchi moslama. 50/50 nisbatida yig‘iladigan orqa o‘rindiqlarning suyanchiqlari balandligi sozlanadi. Moslamalar panelida spidometr, taxometr, yoqilg‘i darajasi ko‘rsatkichi, umumiy va sutkada yurish odometri, raqamli soatlar joylashgan. Ikki hududli iqlim-nazorati. Oynalar yomg‘ir vaqtida isitiladi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘tmish va kelajakning haqiqiy uchrashuvi!
500 Dolcevita – Rim jamiyat arboblari, aktyorlar va yozuvchilarni jalb qilgan ajoyib tungi klublar va hashamdor mehmonxonalar joy olgan, siyosatchilar va nufuzli amaldorlar urfdagi kafelarning stoli atrofida uchrashgan poytaxt nomiga ega bo‘lgan oltmishinchi yillar kayfiyatini jonlantirish taklifidir. Ularning hikoyalarini suratga olishga va bu voqealar hamda janjallarni tabloidlarga sotishga tayyor turgan Via Veneto fotomuxbirlari, paparatsii, Rimdagi aql bovar qilmas kechalarning guvohlari so‘zlab bergan…
Fiat 500 Dolcevita: asosiy xususiyatlari
Dvigatel: 1,2 litr
Quvvati: 69 ot kuchi
Maksimal tezligi: 160 km/s
100 km/s tezlik olish vaqti: 12,9 soniya
Yoqilg‘i sarfi, shaharda: 100 km uchun 6 litr
Yoqilg‘i sarfi, shahardan tashqarida: 100 km uchun 4,1 litr
Joylar soni: 4
Uzunligi: 3571 mm
Kengligi: 1893 mm
Oynalarsiz kengligi: 1627 mm
Balandligi: 1488 mm
G‘ildiraklar bazasi: 2300 mm
To‘liq vazni: 1340 kg
Bagajnik sig‘imi: 185 litr
Yoqilg‘i baki sig‘imi: 35 litr
Burilish diametri: 9,3 metr
Privod: oldinda