Skip to main content

Drift bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruvchisi, O‘zbekiston avtosport federatsiyasining drift qo‘mitasi raisi Dilshod Yusupov — shahar yo‘llarida tez haydash mahoratini ishga soladimi yo‘qmi, oddiy avtomobilni sport avtosiga aylantirish qanchaga tushishi haqida gapirib berdi.

Drifter Dilshod Yusupov: “Tezlik, drift va dvigatelning gurillagan ovozi zavq bag‘ishlaydi”, 7auto.uz

Men uchun avtomashina nafaqat transport, balki yangi yutuqlar sari yo‘ldir

■ Birinchi marta qachon rulga o‘tirgansiz?

O‘n ikki yoshimda. O‘sha lahzani hech qachon unutmayman: meni erkinlik hissi bilan birga sodir bo‘layotgan voqelikni  nazorat qilish hayratda qoldirdi. Lekin men asta-sekin haydashni o‘zlashtirdim. Avvaliga bu oilam bilan bo‘sh maydonchalardagi o‘quv mashg‘ulotlari edi, keyinroq texnologiyani chuqurroq o‘rganishni boshladim, mashinani his qilishni va uning “nafas olishini” tushunishni o‘rgandim. Vaqt o‘tishi bilan tajribam oshdi — shundan so‘ng musobaqalarda qatnasha boshladim.

■ Birinchi avtomobilingiz qaysi rusumda bo‘lgan?

BMW E34. Avtomashina yangi emas edi, lekin men unga butun qalbimni bag‘ishlagandim go‘yo: men nafaqat mashina boshqarishni, balki ta’mirlashni, mexanikani tushunishni, harakatlanishning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunishni ham o‘rgandim.

Drifter Dilshod Yusupov: “Tezlik, drift va dvigatelning gurillagan ovozi zavq bag‘ishlaydi”, 7auto.uz

Dilshod Yusupov

■ Noodatiy avtomashinalarga bo‘lgan ishtiyoqingiz, umuman drift masalasi hayotingizda qanday boshlangan? Filmlarda ko‘rib qiziqib qolganmisiz yoki do‘stlaringizning birontasi shu mashg‘ulot bilan shug‘ullanarmidi?

Hammasi bolaligimdan boshlangandi: hamisha avtomobillarga, ularning dizayniga boqishni, dvigatel ovozini yaxshi ko‘rardim. Birinchi bor driftni tomosha qilganimda bu menga chinakamiga turtki bo‘ldi. Ehtimol, buni “Forsaj: Tokio drifti” kabi filmlarda yoki internetdagi videoroliklarda ko‘rganman. Ammo Olmaotadagi trekka birinchi marta chiqqanimda hammasi o‘zgardi.

Men bu lahzani bir umr esda tutaman: tezlik, drift, dvigatelning o‘kirgan ovozi — haqiqiy adrenalin va zavq-shavqning o‘zginasi. Shunda men buni faqat chetda turib kuzatishni emas, balki mana shu drift dunyosining bir qismi bo‘lishni xohlayotganimni angladim.

Keyinchalik bu borada o‘zimni sinab ko‘ra boshladim, texnologiyalarini ko‘proq o‘rgandim, musobaqalarda qatnashdim va noodatiy avtomashinalarga bo‘lgan mehr-muhabbatim yanada kuchaydi. Hamisha mening mashinam nafaqat transport vositasi, balki mening uslub va yondashuvimni aks ettiradigan o‘ziga xos mexanizm bo‘lishini ta’minlashga intilaman.

■ Nechta mashinangiz bo‘lgan?

10–12 ta avtomobilim bo‘lgan. Ularning har biri o‘ziga xos tarzda alohida edi. Ba’zilarini kundalik minish uchun, boshqalarini mashg‘ulot yoki poyga uchun haydab chiqar edim. Men uchun har bir mashina shunchaki transport vositasi emas, balki tarixning bir qismi va yangi yutuqlar sari yo‘ldir.

■ Siz har doim mashinangizni texnik jihatdan sozlash uchun ustaga berasizmi yoki o‘zingiz nimadir qilasizmi?

Mening katta va ajoyib mexaniklar jamoam bor. Avtomashinalarni o‘zimiz musobaqalar uchun o‘zgartiramiz, shunda ular drift yoki boshqa yo‘nalishlar uchun mos keladi. Aytish mumkinki, sport avtomobilining fuqarolik avtomobili bilan umumiylik jihati yo‘q, shuning uchun ishlanmalar va o‘zgartirishlar cheksiz bo‘ladi. O‘zim kamdan-kam hollarda mexanik ish bilan shug‘ullanaman, asosan nazariyani va texnik sohadagi yangiliklarni o‘rganaman.

■ Avtomobil sporti olamida kimning ixlosmandisiz?

Albatta. Istiqbolga intilish uchun ilhomlantiruvchi va turtki beradigan avtosportchilar bor. Drift olamida bu, masalan, Drift qiroli deb ataladigan Keyiti Suchiya. Uning haydash uslubi va driftni intizom sifatida rivojlantirib, unga hissa qo‘shgani chindanam ta’sirli.

Yana, Jeyms Dinning barqarorligi, boshqaruv mahorati va raqobatga yondashuvidan hayratda qolaman. Har doim eng yaxshi drift ustalaridan o‘rganishga va ularning tajribasini o‘zlashtirishga harakat qilaman, shu bilan birga o‘z uslubimni ham rivojlantirib boraman.

O‘zi umuman hayotda nima ish bilan shug‘ullanasiz? Ishingiz avtomobillar bilan bog‘liqmi?

Avtosport mening hayotimda katta rol o‘ynaydi. Musobaqalarda faol qatnashaman, masalan, drift va jimxana (festivalga o‘xshash bir qator sport tadbirlari) yo‘nalishlarida o‘z mamlakatimni himoya qilaman, shuningdek, mintaqamizda avtosportni rivojlantirish bilan shug‘ullanaman, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy avtosport va karting federatsiyasida drift qo‘mitasi raisiman.

Avtomobillar — bu ishtiyoq va hayotning muhim qismi, lekin asosiy faoliyatim restoran sanoati. Men odamlarni taomlantirishni va ular mazali ovqatlardan bahramand bo‘lishlari uchun sharoit yaratishni yaxshi ko‘raman. Bu men uchun shunchaki ish emas, balki pazandalikka qiziqishimni baham ko‘rish imkoniyatidir.

■ Drift poygalari uchun avtomashinani to‘liq qayta jihozlash qanchaga tushadi?

Bunday qayta jihozlashning narxi ta’lim darajasiga va maqsadlarga qarab juda farq qilishi mumkin. Agar asosini yig‘ish darajasi haqida gapiradigan bo‘lsak, u 10 000 dan 20 000 dollargacha bo‘lishi mumkin.

Biroq, professional musobaqalar uchun xarajatlar sezilarli darajada yuqori. Hammasi bo‘lib 50–150 ming dollarga aylanadi, ammo ular raqobatbardosh darajaga erishish uchun zarurdir.

Drifter Dilshod Yusupov: “Tezlik, drift va dvigatelning gurillagan ovozi zavq bag‘ishlaydi”, 7auto.uz

■ Bunga nimalar kiradi?

Avtomobilni driftga to‘liq tayyorlash — bu dvigatel, ichki detallar (podveska), xavfsizlik, tashqi ko‘rinish va hatto ichki tartibni o‘zgartirishni o‘z ichiga olgan murakkab ish. Hammasi byudjet va maqsadlarga bog‘liq — havaskorlar musobaqalarida ishtirok etishdan tortib professional darajagacha. Kuchli dvigatel, mustahkam uzatmalar qutisi, podveska, gidro qo‘l tormozi va tormoz tizimi, keng aylanish burchagili rul boshqaruvi imkoni, xavfsizlik karkasi, elektronika, kuzovni yengillatish, keraksiz elementlarni olib tashlash va yengil materiallardan kuzov qismlarini o‘rnatish. Bu, albatta, juda katta ish.

■ Mashhur modellarni, masalan, filmlarda ko‘rgan modellaringizni takrorlaydigan mashinalar yasashni yoqtirasizmi yoki sizga o‘ziga xoslik yoqadimi?

Mashhur filmlardan bo‘lsa ham, avtomobillar ko‘rinishini takrorlash yoki nusxalashni umuman yoqtirmayman. Aksincha, noyob nimadir yaratishni, o‘z g‘oyalarim va yondashuvlarimni ishlab chiqishni afzal ko‘raman. Bu mening individualligimni ifodalash va nostandart yechimlardan foydalanish imkonini beradi. Jarayonni esa yanada qiziqarli va ijodiy yondashuvga ega qiladi.

Drifter Dilshod Yusupov: “Tezlik, drift va dvigatelning gurillagan ovozi zavq bag‘ishlaydi”, 7auto.uz

Tezlik, drift, dvigatelning o‘kirgan ovozi — haqiqiy adrenalin va zavq

■ Drift musobaqalari qanday o‘tkaziladi? Sizning urinishlaringiz qanday baholanadi, g‘oliblar qanday aniqlanadi?

Drift musobaqalari odatda bir necha bosqichdan iborat turnir formatida o‘tkaziladi. Ularning har birida ishtirokchilar juftlik poygalarida bir-birlari bilan raqobatlashadilar, bunda bir poygachi yetakchi, ikkinchisi esa ta’qibchi vazifasini bajaradi.

Musobaqa boshida mahoratni malakalash o‘tkaziladi: ishtirokchilar o‘z mahoratini baholash uchun ikki yoki uchta aylanani amalga oshiradilar. Sirpanish burchagi, tezlik, trayektoriyaning silliqligi va avtomobilni nazorat qilish kabi omillar baholanadi.

Saralashdan so‘ng juftlik poygalari o‘tkaziladi. Lider yetakchilik qiladi,  ta’qibchining vazifasi esa ortda qolmasdan yoki qoidalarni buzmasdan o‘z trayektoriyasini va siljish burchaklarini takrorlashdir. Keyin poygachilar rollari almashadi.

Hakamlar bir nechta asosiy jihatlarni ko‘rib chiqadilar. Drift texnikasi: driftlar qanchalik silliq va aniq bajarilgani hisobga olinadi. Burchak va tezlik: haydovchi avtomashinani qanchalik agressiv va tez boshqarganiga qaraladi. Vaziyat: oraliq masofaga rioya qilmasdan ta’qibchi yetakchiga qanchalik yaqin yurgani. Oxirgisi nazorat: poygachi butun aylanmalar  davomida avtomobilni qanchalik aniq va barqaror boshqarganiga ham qaraladi.

Har bir poygadan so‘ng hakamlar yuqoridagi mezonlar asosida qaror qabul qiladilar. Teng natija yoki shubhali qaror bo‘lsa, g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha poyga (One More Time) belgilanishi mumkin. Shunday qilib, g‘olib uning avtomobilni boshqarishdagi mahoratini, trayektoriyasining to‘g‘riligi va juftlik poygalarida raqibi bilan o‘zaro munosabatini umumiy baholash asosida aniqlanadi.

■ Ispaniyadagi so‘nggi musobaqalar haqida gapirib bering.

Men ishtirok etgan oxirgi musobaqa Valensiyadagi FIA Motorsport Games edi. Bu butun dunyodan eng yaxshi sportchilar yig‘iladigan avtosport olimpiadasi. Drift esa asosiy yo‘l ochib beradigan yo‘nalishlardan biri edi. Ushbu olimpiada har ikki yilda bir marta bo‘lib o‘tadi, u yerda eng yaxshi poygachilar yig‘iladi — ajoyib raqobat muhitiga ega.

O‘z mahoratimni eng kuchli raqiblar, jumladan, ishqibozlarim orasida ko‘rsata oldim, bu men uchun katta yutuq bo‘ldi! Bu mening mazkur darajadagi birinchi tajribam edi, albatta, keyingi safar yanada ko‘proq tayyorgarlik ko‘raman.

■ Shaharda qanday yurasiz? Ba’zida tezlikni biroz oshirgingiz keladimi yoki tez yurishni yaxshi uddalashingiz sababli, yaxshisi kimgadir odob bilan yo‘l berasizmi?

Shaharda yo‘l harakati qoidalariga doim amal qilaman. Avtosportdagi tajribam tufayli avtomobilni yaxshi boshqarishimga ishonchim komil, lekin men xavfsiz harakatlanish ustuvor ahamiyatga ega degan tamoyilga amal qilaman. Shahar sharoitida tezlik va qo‘pol manevrlar xavfli vaziyatlarga olib kelishi mumkinligini bilaman, o‘ta mahoratli rul boshqaruvchi bo‘lsangiz ham, harakat tezligingizni nazorat qilish muhimdir.

Driftga va umuman avtosportga bo‘lgan ishtiyoqim menga mashinani yaxshiroq his qilish va kutilmagan vaziyatlarga munosabat bildirish imkonini beradi, lekin o‘zim va boshqa yo‘l harakati qatnashchilarining xavfsizligini doimo esda tutaman. Sport mahoratini esa kundalik hayotda emas, balki musobaqalarda qo‘llash kerak.

■ Driftdagi tajribangizni yoshlarga o‘rgatasizmi?

Avtosport federatsiyamiz hamda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasining ko‘magi tufayli avtosport jadal rivojlanmoqda, men ham yoshlarga o‘rgatib, o‘z tajribalarimni ular bilan bo‘lishishni rejalashtirganman. O‘ylaymanki, yangi qobiliyatlarni rivojlantirish va avtosport bo‘yicha sayohatini endi boshlayotganlar bilan bilim almashish muhimdir. Drift qilishni o‘rganish nafaqat xavfsiz haydash ko‘nikmalarini yaxshilashga yordam beradi, balki tartib-intizom, diqqatni jamlash va jismoniy hamda ruhiy salomatlikni saqlashga o‘rgatadi. Qolaversa, bunday dasturlar mamlakatimizda avtosportni ommalashtirishda katta rol o‘ynashiga ishonaman.

O‘z tajribam va bilimlarimni baham ko‘rishim mumkin bo‘lgan drift maktabini tashkil etishni rejalashtiryapman, hozirda bu faoliyat uchun o‘quv avtomobilini tayyorlayapmiz.

Drifter Dilshod Yusupov: “Tezlik, drift va dvigatelning gurillagan ovozi zavq bag‘ishlaydi”, 7auto.uz

Sportchilik mahoratidan kundalik hayotda emas, balki musobaqalarda foydalanish kerak