Jizzaxdagi BYD zavodini iyun oyida ishga tushirish rejalashtirilmoqda
Jizzax viloyatidagi BYD avtomobil zavodi mazkur yilning iyun oyida ishga tushadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va tijorat vazirligining matbuot xizmati xabar berdi. Korxona birinchi bosqichda Chazor va Song Plus Dm-1 modellarini kichik tugunli yig‘ish usuli orqali ishlab chiqaradi (CKD).
BYD va “O‘zavtosanoat” o‘rtasidagi qo‘shma loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyev va BYD rahbari Van Chuanfu tashabbusi bilan mazkur yilning yanvar oyida boshlangan edi. Uning qiymati 160 million dollarni tashkil etadi, shundan joriy yilda 120 million dollar sarmoya kiritiladi.
Zavod “Jizzax” EIZ hududida joylashtiriladi va 1200 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. 2024-yilning uchinchi choragida mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibridlarni ommaviy ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda zavod quvvati yiliga 50 ming dona avtomobilni tashkil etadi, biroq kelajakda uni 300 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Mahsulotlarning bir qismi xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi.
ADM Jizzakh gibridlar va elektromobillar ishlab chiqaradi
ADM Jizzax katta o‘zgarishlarga hozirlik ko‘rmoqda: kelgusi uch yil ichida zavod yangi loyihalarga 550 million dollar sarmoya kiritadi, ishchilar sonini ikki barobarga oshiradi hamda gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda avtomobil zavodini rivojlantirish va rejalashtirish direktori Alisher Komilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“ADM Jizzax”ni rivojlantirishning ikkinchi bosqichi joriy yilda 315 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiyalar va tovar aylanmasini 1,2 milliard dollargacha oshirish bilan yakunlanadi. 2025-yildan 2027-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan uchinchi bosqich burilish nuqtasi bo‘ladi. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- gibrid va premium avtomobillarni, shuningdek, CKD asosidagi tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish; bu kuzov panelini shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish joyida amalga oshirilishini anglatadi;
- tadqiqot markazi va mahalliylashtirish kompaniyalarini tashkil etish;
- presslash sexi qurilishi;
- yoritish tizimlari va avtomobil o‘rindiqlari romlarini ishlab chiqarishni tashkil etish.
2027-yilga borib ADM Jizzakh’ning aylanmasi 4 barobarga oshib, 4,7 milliard dollarga yetadi, byudjet daromadlari esa 700 million dollarni tashkil etib, avtomobil zavodini mamlakatdagi eng yirik soliq toʻlovchilar beshligiga kiritishi kutilmoqda. Korxona maydoni 170 gektargacha kengayadi, ishchilar soni esa ikki barobarga oshib, 10 ming kishiga yetadi. 972 turdagi butlovchi qismlardan 348 tasini o‘zlashtirish hisobiga ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 30 foizdan 45 foizga oshadi.
AvtoVAZ O‘zbekistonga qaytish istagida
AvtoVAZ joriy yilda O‘zbekiston bozoriga qaytishga ahd qildi. Bu haqda kompaniyaning eksport bo‘yicha direktori Ilya Savinov Spot.uz muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Ayni damda O‘zbekiston bozorida Lada brendini namoyish etadigan salohiyatli hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Kompaniya mamlakatimizda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni ham rejalashtirmoqda, biroq Savinov hali tafsilotlarni oshkor qilishga tayyor emas.
Ma’lumki, mahalliy bozorda quyidagi modellar taqdim etiladi: Lada Niva Legend, Granta, Vesta SW Cross va Largus.
Birinchi chorakda avtomobil ishlab chiqarish 62 foizga oshdi
2024-yilning dastlabki uch oyida mamlakatimizda avtomobil ishlab chiqarish 62 foizdan ortiq o‘sdi, deya xabar bermoqda Statistika agentligi. Bu konveyerlardan 91 ming dona texnika ishlab chiqarilganini anglatadi, bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 62 foizga ko‘pdir.
Chevrolet Cobalt sotuvlar bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda: birinchi chorakda ushbu avtomobillarning 28 mingdan ortig‘i ishlab chiqarilgan, bu 2023-yilga nisbatan 59,5 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, Lacetti-Gentra ishlab chiqarish 21 foizga kamaydi. Ushbu modelni ishlab chiqarish joriy yilning aprel oyida butunlay to‘xtatilishi rejalashtirilgan.
Sirdaryoda Hyundai avtomobillari yig‘iladi
Sirdaryo viloyatidagi “Asaka motors” zavodida oltita Hyundai rusumli avtomobilni yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Tomonlar ikki bosqichni o’z ichiga olgan shartnoma tuzdilar.
Birinchi bosqich 2024-yilning may oyida boshlanadi va Elantra va Sonata sedanlari, Palisade, Santa Fe va Tucson krossoverlarini, shuningdek, Staria minivenlarini yirik blokli yig‘ishni o‘z ichiga oladi. 2024-yil oxirigacha ishga tushiriladigan ikkinchi bosqichda payvandlash, bo‘yash va ilg‘or yig‘ish jarayonlari o‘zlashtiriladi, butlovchi qismlar ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi.
Damas yana issiqqina somsalardek sotildi
UzAuto Motors kompaniyasi Damas avtomashinalari uchun qayta shartnoma tuzishni yakunladi. Buyurtmalarni eski narxda (96 370 000 so‘m) qabul qilish 23-aprel kuni soat 10:00 da ochildi. 56 daqiqa ichida 24 000 Damasning butun partiyasi sotildi.
Shartnomalarning 98,8 foizini bitta shaxsiy guvohnomada ro‘yxatdan o‘tgan va bittadan ortiq bo‘lmagan avtomobilga buyurtma bergan jismoniy shaxslar tuzgan. Yuridik shaxslarning ulushi atigi 1,2 foizni tashkil etdi.