Skip to main content

Poyga avtomobillari va sportkarlarning inqilobini boshlagan tinib-tinchimas konstruktor Gordon Marrining hikoyasi

Uni daho deyish – kamlik qiladi. Axir daholar ham telba, hma tan olinmagan bo‘lishadi. Sehrgarmi? Uning qo‘llarida sehrli tayoqcha yo‘q, uning ijod namunalarida esa tushuntirib bo‘lmaydigan sirliliklarni topolmaysiz. O‘ylashimizcha, XX-asrning oxirlari va XXI-asr boshlarining muhim avtomobil konstruktorlaridan birini xakerlik ustaxonasining dohiysiga o‘xshatish mumkin. U texnikalarni buzadi va uning sirlari go‘yo jonlidek. Buzish deganda yaxshi ma’no nazarda tutilmoqda. Eski narsalarda ham yangi nimanidir ko‘ra oladi, yaxshilaniga imkoniyati kam narsalarni ham takomillashtira oladi, nimadandir hayratlanmay qo‘yganlarni ham lol qoldira oladi.

BIROZ YANGLISH TUSHUNCHALAR

Aksariyat insonlar gap kim haqida borayotganini darhol tushunmaydi. Marri? Kim u Marri? Odatda, afsonaviy “brebhamlar” va “maklarenlar” konstruktorini boshqacha atashadi. Ismida muammo yo‘q: Gordon, bu Gordon. Biroq, familiyasini turlicha aytishadi. Ko‘pincha Myurrey. Ammo Marri deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Kim nima deyishidan qat’i nazar, men uning o‘zidan buni aniqlashtirganman.

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

Yana bir keng tarqalgan yanglish tushuncha Marrini ingliz yoki britaniyalik deyish. Unday emas. Tashqi ko‘rinishidan o‘xshamasa-da, Gordon Janubiy Afrikadan. U Durbanda tug‘ilgan, garchi ota-onasi Shotlandiyalik muhojirlar ekanligini aytib o‘tish adolatdan bo‘ladi. Shunday ekan, Britaniya izi uning biografiyasida borligi aniq.

Mazkur quyoshli mintaqada Gordon ta’lim olgan. Maktabdan keyin Durban texnologiya universiteti mashinasozlik kafedrasida ta’lim olgan, ammo asosiy ta’lim jarayonini u garaj va poyga trassasida o‘tagan. Sport mashinalari uni bolaligidan jalb qilib kelgan. Marrining oilasida bunday muhabbat meros bo‘lib o‘tsa kerak.

Gordonning otasi Peugeot dilerlik markazida mexanik bo‘lgan va mashinalarni poygalarga tayyorlagan. Mana nima uchun o‘g‘lida tez avtomobillarga nisbatan ishtiyoq paydo bo‘lgan.

O‘zining 1967 yilgi ilk poyga loyihasi IGM ni (o‘sha vaqtda Gordon endigina 20 yoshga to‘lgan edi) deyarli temir-tersaklar ahlatxonasidan topilgan ehtiyot qismlardan qurgan. Ammo, shunga qaramay, mashina o‘z yaratuvchisini uyaltirmadi va o‘z nomiga loyiq bo‘ldi. Axir IGM “Ian Gordon Murray” ni anglatadi.

Katta hisob bo‘yicha bu mashxur Lotus 7 ning qayta ixtiro qilingan versiyasidir. Ha, o‘zining antiqaliklari bilan: payvand choklari tajribasiz qo‘llarni namoyon etardi. Biroq, afzalliklari ham darhol ko‘zga tashlanadi. O‘zining ilk loyihasi uchun Gordon Ford Anglia dan bir litrli motorini sotib oldi va uni takomillashtirdi.

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

“Men shatunlarni yengilashtirdim, ajratuvchi vallarini va kollektorlarni yasadim, Jaguar kirish va Peugeot chiqish klapanlarini qo‘ydim, maxovikni kichiklashtirdim. Natijada esa motor daqiqasiga 8500 gacha aylanishni bajardi va ikki mavsum davomida hech qanday muammo yuzaga kelmadi”, – deya o‘z tajribasini eslaydi Marri.

Motor faqat 90 ot kuchini berardi, ammo butun mashinaning og‘irligi atigi 400 kg edi. Mana nima uchun IGM o‘z sinfida o‘ta tez edi. Shaxsiy mashinasining boshqaruvida Gordon bir nechta poygalarda g‘olib bo‘ldi, biroq shu narsani tez angladiki, qishloqning old yigitiga aylanishga urinish ma’nosiz edi. Seni tanishlarini istaysang shaharga bor, to‘g‘rirog‘i boshqa mintaqaga. Janubiy Afrika o‘z hayotini avtosport bilan bog‘lashni istaydiganlar uchun yaxshi joy emas.

Marri o‘z tanlovida shubha qilmadi va Angliyaga yo‘l oldi.

“CHANGYUTKICH”DAN IDEALLIKKACHA

A rejasi Lotusda ish topishga harakat qilish bilan bog‘liq edi. Gordon kompaniya asoschisi Kolin Chapmanni cheksiz hurmat qilar edi va uning asosiy fikrini to‘liq tasdiqlar edi: poyga mashinasida eng muhim narsa – bu yengil vazni.

Biroq, Marri Lotus ga emas, boshqa poyga tizimi — Brabham ga kelib qoldi. Bu yanada ajoyib bo‘ldi.

“Kolin bilan baribir birga ishlay olmasdik, deb qo‘rqaman, — dedi Gordon o‘nlab yillar o‘tib. — O‘sha paytda men o‘zimga juda ishongan va avtoritar edim, Chapman ham xuddi shunday edi. O‘ylaymanki, biz biror narsa yaratish o‘rniga ko‘proq bahslashgan va janjallashgan bo‘lardik …”

Ammo Brabhamda hammasi a’lo darajada bo‘ldi. Ilk uchrashuvdayoq Marri jamoaning bosh konstruktori Ron Tornakni lol qoldirdi. Nafaqat ko‘rkam mo‘ylovlari, balki sermulohazaligi va ajoyib texnik bekgraundi bilan. Gordon to’liq shtatdagi muhandis bo‘lib ishga kirdi va tez orada… Ronning o‘rniga bosh konstruktorga aylandi.

1972-yilda “Brebham”ga Berni Ekklstoun yangi rahbar bo‘ldi. O‘tmishdagi yaxshi “uchuvchi”, ammo boshqaruv faoliyatida qobiliyatli edi. U qobiliyat egalarini topa olishi bilan ajralib turgan. F1 kelajakdagi egasi Marrini ajoyib professional sifatida darhol tan oldi va shu zahotiyoq uni jamoaning bosh konstruktori etib tayinladi.

Gordon o‘sha vaqtda atigi 25 yoshda edi.

“Men shu yoshimda bosh konstruktor bo‘lganimdan va ma’suliyatdan umuman qo‘rqmaganimdan o‘zim ham hayratlanaman, – yodga oladi Marri. – Ehtimol, men o‘z kuchimga juda ishonganman. Agar hozir bo‘lganida, aniq qo‘rqqan bo‘lardim”.

Gordonning birinchi avtomobili Brabham BT42 — asosan Tornak konstruksiyasining davomi bo‘ldi. Biroq, keyingi model – Marrining to‘liq mustaqil ishi BT44 – dunyoga birinchi darajali mutaxassisni ko‘rsatib qo‘ydi. Karlos Royteman BT44 da 1974-yil mavsumining uchta Gran-pri sohibi bo‘ldi. Shu narsa barchaga ayon bo‘ldiki, ziyrak Berni bosh konstruktorni tanlashda adashmagan edi.

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

Gordon Marrining haqiqiy muhandislik dahosi va uddaburonligi 1978-yil mavsumida, Janubiy Afrikalik ustomon noyob “changyutkich-avtomobil”ni yaratganida namoyon bo‘ldi.

Yo‘q, u ko‘chalarni tozalamasdi, ammo BT46B kuzovining orqa qismiga haqiqiy ventilyator o‘rnatilgan edi. Harakat paytida u mashinaning ostidan havo haydab “graund-effekt”ni hosil qilardi. Avtomobil tom ma’noda sirtga yopishib olib, shu bilan sezilarli darajada yuqori burilish tezligini ta’minladi. Raqiblarga esa imkoniyat qoldirmadi.

Shvetsiya Gran-prisi uchun Niki Lauda va Jon Uotson birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagani “changyutkich” uchun debyut bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, BT46B potentsialidan qo‘rqib ketgan raqiblar darhol Gordon ixtirosini taqiqlash uchun lobbichilik qilishdi va “changyutkich” ni noqonuniy deb e’lon qildilar. Aslida, hamma narsa butunlay boshqacha edi.

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

Raqiblar darhaqiqat norozi edilar, biroq kuchsiz bo‘lganliklari uchun. Axir Gordon Marii shunchaki tasavvuri kuchli muhandis emas, hech narsani o‘z holida qoldirmaydigan o‘ta sinchkov hamdir.

Ventilyatorli mashina texnik me’yorlarga to‘liq muvofiq ravishda ishlab chiqilgan va qurilgan. Uning konstruksiyasi birorta ham qoida bandlarini buzmagan. Mavsum avjida qonuniy avtomobilni taqiqlash futbol o‘yini vaqtida ofsayd qoidasini o‘zgartirishga o‘xshaydi. Ya’ni, bu imkonsiz deganidir.

Shunga qaramay, “poyga changyutkichi” ning birinchi starti so‘ngisi bo‘ldi. Bu yerda gap taqiq emas, balki Brabham jamoasining ixtiyoriy qarorida edi.

Raqiblar norozi ekanligini tushungan holda Ekklstounning o‘zi o‘z “tulporini” poygadan chiqarib oldi. Berni doim shu yerda va hozir yutuqqa erishishga ishtiyoqmand bo‘lgan o‘yinchi emas, avvalo kelajakka keng rejalar tuzuvchi siyosatchi edi. U uzoqni o‘ylab ish tutardi, va kelajakda adashmagani namoyon bo‘ldi.

Marri esa, aksincha, g‘olib bo‘lishni istardi. Va u bunga erishdi, ammo biroz kechroq. 1981 va 1983-yil mavsumlarida Nelson Pike Brabham ga ikkita g‘alaba keltirdi. Ikkala holatda ham faqatgina braziliyalikning uchuvchilik ustaligi emas, balki Durbanlikning texnik uquvi ham xizmat qildi. BT49C da takomillikka yetqizilgan hech qanday ventilyatorlari bo‘lmagan graund-effekti hayratga soldi. O‘z navbatida, Brabham BT52 shassisining xususiyatlarini o‘ta kuchli BMW turbo motorining imkoniyatlariga to‘liq moslashtirishga erishildi.

1980-yillarning o‘rtalarida Ekklstoun o‘zini o‘z jamoasining ishlariga emas, ko‘proq sarguzashtlarga bag‘ishladi. Marri ho‘jaynining qiziqishlari o‘zgarayotganini sezmay qolmadi, va g‘alabaga bo‘lgan chanqoqligini qondirish uchun McLaren taklifini qabul qildi.

Va yana adashmadi.

Uokingda u 1988-yilgi 16 mavsumning 15 ida Gran-pri g‘olibiga aylangan avtomobil – mashxur McLaren MP4/4 yaratdi.

“Bu ajoyib mavsum edi, – Marri o‘zining eng muvaffaqiyatli avtomobilini yodga oladi. – Biz barcha 16 ta poygada yutishimiz kerak edi. Faqat Italiya Gran-prisida Alen Prostning mashinasida elektrod o‘t qoldirish svechasidan uzilib ketdi – bunday nosozlikka undan oldin ham, undan keyin ham duch kelmadim. Senna esa tushunarsiz tarzda aylanaga urildi …

16 startdan 15 g‘alaba – ajoyib yutuq – shu paytgacha buni takrorlaganlar bo‘ldi? Ammo hech kim o‘zib keta olmadi. Umuman olganda, bu omadning aks tomoni ham bo‘ldi. O‘yinning oxirigacha borib, uning barcha sirlaridan boxabar bo‘lgan Marri jarayonni davom ettirishga qiziqishi so‘ndi. Buni tushunsa bo‘lardi: poygalarda Gordon erishish mumkin bo‘lgan barcha g‘alabani qo‘lga kiritdi. Endi uning hayollarini butunlay yengil avtomobillar egalladi.

GIPERKARNING DUNYOGA KELISHI

Shunisi ajablanarliki, tarixdagi birinchi giperkar – McLaren F1 g‘oyasi 1988-yilning yoz faslida, aynan o‘sha Italiya Gran-prisidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Gordon aeroportda McLaren direktori va asosiy sarmoyadori – Ron Dennis va Mansur Oyex bilan samolyot kutishardi. Bu Senna yoki Prost ushbu mavsumda g‘olib bo‘lgan yagona bosqich edi, ammo bu endi ahamiyatli emasdi – Marri o‘yinning oxirigacha o‘tib bo‘lgandi. Unga endi yangi cho‘qqilar kerak edi.

Nima uchun “toza varaqdan” dunyodagi eng zo‘r sportkarni yaratmaslik kerak? Dennis va Oyexga g‘oya juda yoqdi. Gordon esa uni yaratdi.

F1 mohiyatini bitta jumlada jamlash qiyin emas. Londondan Moviy qirg‘oqqacha yo‘lga chiqa oladigan o‘ta tez va shu bilan birga qulay avtomobil yaratish kerak. Ayni shu xususiyatlarni Ferrari F40 qo‘llangchi – bir yarim soat o‘tar-o‘tmas shovqin, dimiqish va silkinishlardan aqldan ozishingiz aniq.

Gordon barchasini uddaladi, u yaratgan McLaren F1 poyga mashinasining shiddatli xususiyatlariga ega a’lo darajadagi Gran-turizmo avtomobiliga aylandi.

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

90-yillarning boshi uchun bu g‘ildirakli kosmik kemadek edi! Dunyodagi eng tez seriyali avtomobilning maksimal tezligi 386 km/soat va yuzga chiqa olishi 3,2 soniya edi. F1 ning motor bo‘linmasi harorat rejimini ushlab turishi uchun oltin zar qog‘oz bilan qoplangan. Karbon kuzovning 1,2 mm qalinlikdagi qoplamasiga hali “karbon” so‘zining o‘zi dahshatli bo‘lgan paytlarda McLaren ega bo‘ldi. Va Gordonning o‘ziga xos “imzo”si – kuzovning pastki qismidagi parrak “graund-effekt”ni yaratardi!

Marri F1 ni o‘z vaqtining eng ajoyib avtomobili bo‘lgan deb hisoblagan va hozir ham shu fikrda. Ammo uning o‘zi ilk yo‘l avtomobili McLaren haqiqiy poygalar uchun yaratilmagan deb uqtirar edi. Gordon o‘z ijod namunasini yaxshi baholamagan edi. 1995-yilda McLaren F1 Le-Mansdagi 24-soatlik poygada g‘olib chiqdi. Umumiy hisobda va birinchi urinishdayoq g‘alaba qozondi!

Gordon buni yana qildi – taqlidchilar to‘lqinini ko‘targan giperkar yaratish orqali o‘yin qoidalarini o‘zgartirdi.

Va u yana zerika boshladi.

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

UCHINCHI GAL U “BALIQ TO‘RINI” TASHLADI…

Marri birdan endi o‘zi ishlashni istashini tushundi. Mashxurlik va pul orttirish uchun emas, erkin ijod qila olish uchun. Mercedes-McLaren SLR ishlab chiqilishida ishtirok etgani unga dars bo‘ldi.

Bahs-munozaralar va tushuntirishlarga juda ko‘p vaqt sarflashga to‘g‘ri keldi. O‘zining haq ekanligini nemis direktorlari va boshqaruvchilariga tushuntirgunicha Gordon juda ko‘p kuchini sarfladi.

Baribir ishlab chiqarilgan SLR Mercedes-Benz tarixidagi eng tez, eng nufuzli va eng qimmat sportkariga aylangan bo‘lsa-da, buni fiasko deb atash mumkin emas. Shunga qaramay Marri yolg‘iz harakatlanishga ahd qildi.

Bir qancha vaqt, to‘g‘rirog‘i bir necha uzoq yillar bu o‘z xoxishiga ko‘ra chetlanishdek tuyuldi. Gordon muhandislik sahnasidan butunlay yo‘qolmadi. Har vaqtdan uning ismi turli loyihalarda qalqib chiqardi. Misol uchun, Marri bir o‘rindiqli fuqarolik poyga avtomobili – “Raketa”ni yaratdi, uni Light Car Company kompaniyasi oz-oz seriyalarda ishlab chiqardi. U Britaniyaning TVR sportkarlari ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qildi, Global Vehicle Trust xayriya tashkilotiga rivojlanayotgan mamlakatlar uchun arzon yuk mashinalarini ishlab chiqishda yordam berdi. U doim ish bilan mashg‘ul edi. Shunchaki chetdan qaraganda Marri ismi bilan bog‘liq haqiqiy dohiyliklar o‘tmishda qolgandek tuyulardi…

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

Yo‘q-yo‘q, shunchaki tuyuldi.

2018-yilda Marri ehtimol, o‘z faoliyatidagi asosiy ijod namunasi – inqilobiy iStream avtomobil platformasini taqdim etdi.

“Bu jahon avtomobilsozlik sanoatining paradigmasini o‘zgartiruvchi yangilik”, – dedi odatda katta iboralardan qochadigan konstruktor. — O‘nlab yillar davomida eng yengil shassini yaratishga imkon beradigan yutuq!”

iStream nima o‘zi? Bir qarashda inqilob adashtirmaydi. Bu yerda kuzovning orqa pastki qismidan o‘rin oluvchi parraklar yoki McLaren F1 zavqli dizayni kabi o‘ziga xosliklar umuman yo‘q. Gap yengil, mustahkam, boshqa shu kabilarga nisbatan uzoq umr ko‘ruvchi temir va uglerod tolasidan bo‘lgan yangi avtomobil shassisini yaratish jarayoni haqida bormoqda. Shu bilan birga, iSream shassisi qiymatini tushirgan va foydalanish xususiyatlarini yaxshilagan holda har qanday avtomobilga – yo‘ltanlamasdan to sportkargacha to‘g‘ri keladi.

iStream sportkarlarning narxlarini arzonlashtirishiga yoki elektromobillarning og‘irligini sezilarli kamaytirishiga nima deysiz? Faqatgina bir rusum doirasida emas – butun sanoat miqyosida! Bu, ehtimol, bir mavsumdagi Gran-pridagi g‘alabalar rekordidan muhimroqdir.

Biroq bu hali hammasi emas. Yaqinda Marri o‘z dizayner-muhandislik kompaniyasiga qo‘shimcha ravishda avtomobil brendiga asos soldi. Gordon Murray Automotive’ning ilk ikki modeli T.50 superkari va T.33 sportkari buyurtmalar qabuli e’lon qilinganidan so‘ng sanoqli soatlar ichida sotib bo‘lindi. Va bu 2,5 va 1,5 million dollarlik narxiga qaramay.

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

77-yoshli maestro dunyoni yana nima bilan lol qoldirmoqchi ekan?!

“RAKETA” IXTIROCHISI, 7auto.uz

“Hozircha bilmayman, – deydi Gordon tabassum qilib. – Shuni inobatga olib qo‘ying: men tushlarga ko‘p vaqt sarflamayman”.