Dunyo ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib bormoqda, kelajak transporti eshik qoqmoqda. Ekologik ustunlik uchun jangda kim g‘alaba qozonadi — elektromobillarmi yoki vodorodli avtomobillar? Keling, harakatlanish haqidagi tasavvurlarimizni o‘zgartirib yuboradigan texnologiyaning zavqli poygasini tahlil qilamiz.
ELEKTR: SOKIN INQILOB
Elektromobillar yashil kelajakning ramziga aylanib ulgurdi. Ular litiy-ionli batareyalarda ishlaydi va rozetkalardan zaryadlanadi. Biroq nima ularni bunchalik jozibador qiladi?
- Elektromobil zaryadi benzin yoki dizel quyishdan ko‘ra ancha arzonga tushadi.
- Elektromobillar deyarli shovqinsiz ishlaydi, bu esa safarlarni qulayroq qiladi va shaharlardagi shovqin darajasini pasaytiradi.
- Minimal chiqindilar.Elektromobillarni zaryadlash uchun qayta tiklanadigan elektr manbalaridan foydalanganda chiqindi ajralishi amalda nolga teng bo‘lishi mumkin.
Biroq, barcha afzalliklariga qaramasdan, elektromobillarning ham o‘ziga yarasha kamchiliklari bor.
- Zaryadlash vaqti. Hatto tezkor zaryadlash shoxobchalarida ham to‘liq zaryadlash benzin quyishdan ko‘ra ko‘proq vaqt oladi.
- Bir quvvatlanganda bosib o‘tadigan masofasi.Garchi zamonaviy avtomobillar bir zaryadlanganda yuzlab kilometr yo‘l bosishi mumkin bo‘lsa-da, uzoq safarlar obdan rejalashtirishni talab etadi.
VODOROD KELAJAK ENERGIYASIMI?
Vodorodli avtomobillar yoki yoqilg‘i elementlarida ishlaydigan avtomobillar yashil transportga muqobil yondashuvni taklif etadi. Ular vodoroddan elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun foydalanadi, bu esa elektr dvigatelini quvvat bilan ta’minlaydi.
- Tez yoqilg‘i quyish.Vodorod avtomobiliga yoqilg‘i quyishga bir necha daqiqa ketadi va buni an’anaviy benzin quyish shoxobchalari bilan solishtirish mumkin.
- Uzoq masofa bosib o‘tish imkoniyati.Vodorodli avtomobillar tez-tez yoqilg‘i quyish zaruriyatisiz katta masofalarni bosib o‘tishi mumkin.
Vodorodli texnologiyalar ham bir qator muammolarga to‘qnash keladi.
- Vodorod quyish shoxobchalari soni hali oz bo‘lib, bu holat bunday avtomobillardan foydalanishda qulayliklarni cheklaydi.
- Vodorod ishlab chiqarish. Vodorodning katta qismi tabiiy gazdan ishlab chiqariladi va bu butunlay ekologik jarayon hisoblanmaydi. Biroq qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanib suvni elektroliz qilish kabi ishlab chiqarishning nisbatan yashil usullarini yaratish davom etmoqda.
KIM G‘OLIB BO‘LADI?
Hozircha bu jangda kim g‘olib bo‘lishini ishonch bilan aytish qiyin. Elektromobillar aholi orasida keng ommalashib ulgurdi va tobora uzoqroq masofani hamda yanada tezkor zaryadlash shoxobchalarini taklif qilgan holda rivojlanishda davom etmoqda. Bir vaqtning o‘zida vodorodli avtomobillar, ayniqsa, yoqilgi quyishda tezkorlikni va to‘xtovsiz uzoq safarlarni qadrlaydiganlar uchun jozibador muqobil variantlarni taklif etmoqda.
Elektromobillar vs vodorodli avtomobillar
Parametr | Elektromobillar | Vodorodli avtomobillar |
Tejamlilik | Zaryadlash yoqilg‘i quyishga qaraganda arzonroq | Vodorod narxi balandroq |
Quvvatlash/yoqilg‘i quyish vaqti | 30 daqiqadan bir necha soatgacha | 3–5 daqiqa |
Bosib o‘tish zaxirasi | 300–500 km | 500–700 km |
Infratuzilma | Zaryadlash shoxobchalarining rivojlangan tarmog‘i. | Shoxobchalar sonining cheklanganligi |
Ekologikligi | Qayta tiklanadigan manbalardan foydalanganda eng kam chiqindi ajralishi | Vodorod ishlab chiqarish usuliga bog‘liq |
Shovqin darajasi | Deyarli shovqinsiz | Shovqinsiz |
Xavfsizlik | Yuqori, ammo batareyaning yonish xavfi mavjud | Yuqori, lekin vodorodning portlovchi xususiyati bor |
Chidamlilik | Batareyalarning xizmat qilish muddati cheklangan, biroq texnologiyalar takomillashmoqda. | Chidamli, biroq yangi texnologiyalarni talab qiladi. |