Avtomobillarda eng mas’uliyatli lahzada ruldan otilib chiqadigan biz bilgan xavfsizlik yostiqlari qanday paydo bo‘lgani haqida
Patentlar kurashi
Dastlab avtomobil paydo bo‘lgan. Ko‘rimsiz, sekin, yo‘lovchilarni dahshatga soluvchi mashina shahar ko‘chalarini kezib, aravakashlarning g‘ashiga tegardi. U vaqtda, albatta, hech kim xavfsizlik haqida o‘ylamagan. Svetoforlar, cheklovlar bo‘lmagan, yo‘l harakati qoidalari esa o‘ta shartli ko‘rinishda bo‘lgan. Ma’lumki, insoniyat tarixidagi o‘lim bilan yakunlangan ilk yo‘l transport hodisasi 1896-yilda yuz bergan. Soatiga 8 mil tezlikda (12 km/s) uchib borayotgan bir anqov haydovchi 44 yoshli ayolni urib ketgan.
Biroq yo‘llarda avtomobillar soni ko‘paygani sayin hodisalar ham shuncha ko‘p takrorlana boshlagan. Bundan nafaqat piyodalar va otlar, balki haydovchilarning o‘zi ham aziyat chekkan. Ular old derazadan uchib chiqqan, peshonalarini rul va eshiklarga urib olgan, ba’zida miyalari chayqalgan va hatto qabriston tomon yo‘l olgan. Biroq muhandislar rul boshqarayotganlarning xavfsizligi ustida bosh qotira boshlashi uchun yana bir necha o‘n yil vaqt kerak bo‘lgan.
Hammasi nemis muhandisi Valter Ledererdan boshlangan. U 1950-yillarning boshida haydovchi yuzini avariya vaqtida deyarli muqarrar bo‘lgan rulga urilish holatidan to‘sish tizimini o‘ylab topgan. Lederer avtomobil torpedasiga bamper to‘siqqa urilgan taqdirda bosim ostida maxsus ballon yordamida ishiriladigan yostiqlarni o‘rnatish haqida o‘ylagan. Avariya yuz berganida bamper orqaga surilib, oddiy prujinali datchikni siqa boshlagan va shundan so‘ng ballondan havo chiqarilgan. Bir vaqtning o‘zida avtosayohatlar shinavandasi bo‘lgan amerikalik g‘avvos Jon Xetrik ham o‘xshash tizimni o‘ylab topgan. Ularning ikkalasi ham patent olgan va ma’lum vaqt davomida kim zo‘rroqligi ustida bahslashgan.

Jon Xetrik o‘zi ixtiro qilgan xavfsizlik yostig‘ini namoyish etmoqda, 1952
Aviatsiya yordami
Aslida, ikkala tizim ham kamchilikka ega edi: yostiq juda sekin shishardi, chunki bosim ostidagi havo yetarlicha tez kengayish imkoniga ega emas. Ixtirochilar yana taxminan o‘n yilcha tizimni takomillashtirish ustida bosh qotirgan.
Shunda yaponiyalik muhandis Yasuzaburu Kobori ishga kirishgan. U 1964-yilda yostiqni to‘ldirish uchun modifikatsiyalangan piropatronlardan foydalanishni taklif qilgan. Ular avvallari ayrim samolyotlarning dvigatellarini ishga tushirish uchun harbiy-havo kuchlarida qo‘llangan. Tezda yonib bitadigan patron samolyot dvigatelining starterini burash uchun yetarlicha gaz chiqargan. Kobori patronni takomillashtirib, yostiqni endi havo emas, gazlar deyarli bir lahzada to‘ldira boshlaganidan so‘ng bu patron avtosafarlar xavfsizligi vazifasini uddalay boshladi.

Yasuzaburu Kobori
Lekin tizim baribir mukammal emasdi. Yostiq, shubhasiz, tez shishardi. Biroq bu haydovchining boshi xuddi pinboldagi sharcha kabi salon bo‘ylab sayohat qilganidan so‘ng amalga oshardi.
Yaponiyalikning ixtirosidan keyin uch yil o‘tgach, amerikalik ixtirochi Allen Brid hal qiluvchi qadamni bosgan. U datchikni qayta ishlagan va endi moslama mexanik tarzda ishlamasdan, balki piropatron uzilishiga tok yetkazib berardi. Uni ishga tushirish uchun atigi 30 millisoniya talab etilardi.
1960-yillar oxirida Brid o‘z ixtirosini Detroytdagi Chrysler avtogigantiga sotishga erishgan. U yerda Lederer va Xetrikning patentlari muddati tugashini bir necha yil kutib, 1971-yilda yostiqlarni ommaviy ishlab chiqara boshlagan. Shu tariqa kompaniya ixtirochilarga to‘lanadigan millionlab dollarni tejab qolgan.

Allen Brid
Hashamatdan mass-marketga
1973-yilda Chrysler zavodida chiqariladigan barcha hashamdor mashinalar shunday yostiqlar bilan jihozlangan. Buning ortidan Ford va General Motors kabi raqiblar zarar ko‘ra boshlagan. Iste’molchilar o‘zlariga xavfsizroq ko‘ringan mashinalarni tanlagan (marketologlarga rahmat!). Shu bois boshqa amerikalik avtogigantlar ham o‘z xavfsizlik tizimlarini ishlab chiqishga mablag‘ yo‘naltira boshlagan. Hattoki yostiqlar poygasiga o‘xshash holat ham boshlangan (qurollanish poygasi kabi). Har kim uning mashinasi eng xavfsizi ekanligini isbotlashga urinardi.
Yevropada ham vaqtni bekor o‘tkazishmagan. Mercedes-Benz 1980-yillar boshida yostiq xavfsizlik kamarlarining qisqichlari bilan birlashtirilgan tizimni taklif qilgan. Shu bilan avtodagi xavfsizlikni faqat yostiqlar zimmasiga yuklamasdan, kompleks shakl berishga urinishgan. Bu oldinga tashlangan dadil qadam edi.

Mercedes-Benz xavfsizlik yostiqlari birinchi marta xavfsizlik kamarlari bilan bitta tizimga birlashtirilgan avtomobillarni sinovdan o‘tkazmoqda
Gap shundaki, bungacha yostiqlar xavfsizlik kamarlarining o‘rnini bosuvchi vosita sifatida taqdim etilgan. Ammo amaliyot ko‘rsatganidek: ularning faqat o‘zi odamni jarohatdan asrab qololmaydi, ba’zan esa vaziyatni jiddiylashtirishi ham mumkin. Axir pnevmatik yostiqning ochilish tezligi — 30 millisoniya. To‘qnashuv vaqtida esa haydovchi tanasi keskin oldinga siljiydi va rulga yaqinlashadi, yana soatiga 300 km tezlikda ochilayotgan yostiq yuzasi unga qarab “uchib” chiqadi — buni Mayk Taysonning zarbasiga tenglashtirish mumkin.
Muvozanatlashgan yechimni topish uchun tajribalarga o‘nlab yillar sarflandi. 1990-yillarga kelib old tomondagi yostiqlardan faqat xavfsizlik kamari bilan birga foydalanish standartga aylandi. Kamar tana holatini rul g‘ildiragidan yetarlicha uzoq masofada ushlab turadi, yostiq esa bo‘yinni qiyshayishdan asrab qoladi. Natijada yostiq bilan urilish u deyarli to‘liq ochilgan vaqtda yuz beradi.
Shu tariqa muhandislarning izlanishlari natijasida 90-yillar boshlariga kelib xavfsizlik tizimlarining seriyali va texnologiyali bo‘lishi ularning ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish va xavfsiz avtomobillarni ommaga taqdim etish imkonini berdi. Aniqrog‘i, endi ommaviy avtomobil modellarini yanada xavfsizroq qilish mumkin edi. Bunda davlat siyosati ham yordamlashdi. Yevropa mamlakatlarida birin-ketin xavfsizlik tizimlari o‘rnatilmagan avtomobillar sotilishini taqiqlovchi qonunlar chiqarila boshladi.
Xavfsizlik hamma yerda
Masala shu bilan to‘xtab qolmadi. 1990-yilda Volvo konserni yon tomondagi xavfsizlik pardasini taqdim qildi, 2000-yilda esa yaponiyalik ishlab chiqaruvchilar haydovchi oyoqlari ostiga ham yostiqlar o‘rnata boshladi. Orqadagi yo‘lovchilar uchun shift yostiqlari deysizmi? Muammo emas! Buni birinchi bo‘lib Amerikadagi Ford vakillari o‘ylab topishdi.
Yillar davomida to‘qnashuvga munosabat bildirish datchigi ham o‘zgardi. Endilikda avtomobillar yuqori texnologik boshqaruv blokiga ega mikro elektr mexanik tizimlar bilan ta’minlangan. U g‘ildiraklar aylanish tezligi, tormozlar bosimi, avtokursilar bandligi va giroskop datchiklaridan ma’lumotlarni qabul qiladi. To‘qnashuv og‘irligiga qarab, algoritm aniq bir vaziyatda yostiqni qanchalik tez shishirish kerakligini hal qiladi.
Yana zamonaviy yostiqlar ochilganidan so‘ng havoni chiqarib yuboradi, buning uchun ikkita ventilyatsiya teshigi nazarda tutilgan. Shuningdek, “ikki bosqichda” ochiladigan yostiqlar ham mavjud: ularning ishga tushish tezligi zarba kuchiga bog‘liq.
2012-yilda Volvo konserni umuman avtomobil sarhadlaridan tashqariga chiqib, nafaqat avto ichidagi odamlar, balki piyodalar xavfsizligi haqida qayg‘urdi. Ishlab chiqaruvchi avtomobil kapotining tashqi tomonidan shishadigan yostiqlarni taqdim qildi. Piropatronlarni muntazam ravishda atrofdagi makonni tahlil qilib turuvchi kompyuter ishga tushiradi.
Bu hozir qanday ishlaydi?
Aksariyat zamonaviy avtomobillarda yupqa va pishiq neylon matodan ishlangan yostiq o‘rnatilgan. Barcha datchiklar esa bort kompyuteri orqali nazorat qilinadi. Ko‘plab avtomobillarda kuzovning old qismida joylashgan tezlashish datchiklari mavjud. Ular to‘qnashuvni qayd etgan zahoti (ular buni keskin sekinlashish orqali aniqlaydi), ular kompyuterga xabar yuboradi va kompyuter yostiq ochilishiga topshiriq beradi.
Datchiklar ishida xatolar bo‘lmaydi. Albatta, diagnostikani o‘z vaqtida amalga oshirib tursangiz. Gap shundaki, datchiklar bir-birining ko‘rsatmalarini takrorlagan holda vaziyatni avtonom tarzda nazorat qiladi. Bu yolg‘on ishga tushirishdan saqlanish uchun zarur. Chunki u haqiqiy avariyadan kam bo‘lmagan noxushliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Hozirda ballonlar havo emas, balki piropatron portlaganida katta hajmli azotga aylanadigan natriy kislotasi bilan to‘ldiriladi. Aynan u xavfsizlik yostig‘ining deyarli bir zumda ochilishini ta’minlaydi.
Xavfsizlik tizimlaridagi so‘nggi tendensiya — bu ochilish hajmini cheklash imkoniga ega bo‘lgan yostiqlar. Bu ehtiyoj turli odamlarga turlicha himoya darajasi talab etilishi bilan bog‘liq. O‘rindiqqa o‘rnatilgan datchiklar tizimi harakat boshidanoq haydovchi parametrlarini, jumladan bo‘y va vaznni aniqlaydi, shundan kelib chiqqan holda yostiqni to‘liq kuchiga ochish shart yoki shart emasligiga qaror qiladi.
GM kompaniyasining sensorli datchiklari eng zo‘r ixtiro hisoblanadi. Ular avariya vaqtida odamning tana holatini bilishga qodir bo‘lib, bu xavfsizlik yostiqlarining ishga tushishi parametrlarini maqbullashtirish imkonini beradi.
Zamonaviy xavfsizlik yostiqlari allaqachon havo bilan to‘ldirilmaydi, aks holda, bu juda sekin bo‘lgan bo‘lardi. Bugun ularning ichida gazsimon azot bo‘lib, u to‘qnashuv vaqtida ruldan soatiga 322 km tezlikda uchib chiqqan holda tom ma’noda “portlaydi” (kiprik qoqishga ulgurmaysiz). Bir soniyadan keyin gaz mayda teshiklar orqali tashqariga chiqadi va haydovchi harakatlana oladi.
Avtomobilda qanday xavfsizlik yostiqlari bo‘ladi?
Haydovchi uchun old xavfsizlik yostig‘i. Haydovchining xavfsizligi uchun o‘rnatiladi.
Oldindagi yo‘lovchi uchun old xavfsizlik yostig‘i.
Yon tomon xavfsizlik yostig‘i. O‘rindiqlar yonida yoki tom ustunlarida joylashgan bo‘lib, haydovchi va oldindagi yo‘lovchi uchun eshik tomonidan qo‘shimcha xavfsizlikni ta’minlaydi.
Xavfsizlik pardasi. Deyarli butun yo‘lovchi saloni uzunasiga o‘tgan eshiklar ustidagi nisbatan ingichka yon tomon yostiqlari. Shishaga urilishdagi bosh jarohatlaridan asraydi va avtomobil to‘nkarilganida salondan chiqib ketishning oldini oladi.
Old o‘rindiqlar orasidagi yon tomon xavfsizlik yostig‘i. Haydovchi va oldindagi yo‘lovchi oldindan yoki yon tomondan to‘qnashuvda chetga siljiganida ularning boshi bir-biriga urilishidan asraydi.
Haydovchi tizzasi uchun xavfsizlik yostig‘i. Haydovchi rul kolonkasi yoki old panel elementlariga tizzasi bilan urilganida jarohat olish ehtimolini kamaytiradi.
Yon tomon xavfsizlik yostiqlari
Bosh uchun xavfsizlik yostig‘i (parda)
Old tomon xavfsizlik yostig‘i
Haydovchi tizzasi uchun xavfsizlik yostig‘I
Oldindagi yo‘lovchi uchun xavfsizlik yostig‘i
Krash-testlar nima
Xavfsizlik yostiqlari va umuman haydovchi hamda yo‘lovchilarni qutqarish tizimi qanday ishlashini tushunish uchun krash-testlar o‘tkaziladi. Bu quvnoq mashg‘ulot chog‘ida mashina yuz kilometrgacha tezlashtirilib, so‘ngra devorga … yoki boshqachasiga uriladi. Biroq bunda asosiysi axborot to‘plash va tahlil hisoblanadi. Ular kimningdir hayotini saqlab qolish imkonini beradi.
Bu qiziq: faqatgina 1966-yilda sinalayotgan avtomobil ichida shikastlanishlarni tahlil qilish uchun datchikli maneken joylay boshlangan (crash test dummies), bungacha esa bu maqsadlarda odamlar va hayvonlarning jasadlaridan foydalanilgan.
Krash-testning eng keng tarqalgan turi — old tomondan sinash. Bu avtomobilning harakatsiz to‘siq bilan old tomondan to‘qnashuvidir. Ko‘pincha bu test xavfsizlik kamari taqilgan haydovchi va yo‘lovchilar, shuningdek, bolalar bilan (haqiqiy emas, albatta) soatiga 55 km tezlikda o‘tkaziladi.
Old tomondan to‘qnashuv avtomobilning butun kengligiga to‘g‘ri kelishi mumkin, undan tashqari, “kichik old to‘qnashuv” hamda “markazi siljigan to‘qnashuv” ham bo‘ladi. Xullas, variantlar bir nechta, hattoki tezlik ham turlicha bo‘ladi.
Krash-testning ikkinchi turi — yon tomondan sinash. Buning uchun avtomobilga turli burchaklar ostida o‘ng va chap tomonidan zarba beradigan maxsus loyihalashtirilgan harakatlanuvchi konstruksiya qo‘llanadi. Konstruksiya soatiga 55 km tezlikda harakatlanadi.
Sinovning boshqa ko‘rinishlari ham uchrab turadi — masalan, ustun bilan to‘qnashish (odatda soatiga 30 km tezlikda) va hattoki avtomobil tomining mustahkamligi bo‘yicha krash-test. Darvoqe, avtomobil tomi transport vositasining massasidan uch baravar ko‘proq vazn ostida faqat 12 santimetrga cho‘kishi mumkin. Bu sanoatning oltin standarti!